O‘zbekistonlik harbiy kinologlar xalqaro tanlov sovrindoriga aylanishdi
O‘zbekistonlik harbiy muhandislar III Xalqaro armiya o‘yinlarining “Xavfsiz marshrut” musobaqasida 3-o‘rin egallab, uyga qaytishdi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, 12 avgust kuni ertalab mazkur musobaqaning “Sodiq do‘st” tanlovi ishtirokchilari – O‘zbekiston Mudofaa vazirligining yana bir guruh harbiy xizmatchilari medallar bilan uyga kelishdi.
ArMI-2017 doirasida o‘tkazilgan “Sodiq do‘st” xalqaro tanlovining yakuniy natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz harbiy kinologlari uchinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldilar. Unda rossiyalik harbiylar g‘olib topilgan bo‘lsa, Belarus va Qozog‘iston jamoalari ikkinchi o‘rinni o‘zaro bo‘lib olishdi.
Podpolkovnik Sa'dulla Vafoyev rahbarligida va jamoa sardori serjant Bahodir Yo‘ldoshev yetakchiligida vatan himoyachilari tanlovning barcha shartlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. «Dog biatlon» deb nomlangan dastlabki bosqichda harbiy kinologlar to‘rtinchi, “Himoya xizmati” shartida esa beshinchi bo‘lib marraga yetib kelishdi. 300 metrli to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish shartida uchinchi, «Dog biatlon estafeta» – final bahsida harbiylar to‘rtinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Mudofaa vazirligi markaziy pitomnigi kinologlari – shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askarlar Shokir Jo‘rayev, Javlon Nizomov, Nuriddin Halilov, Orif Choriyev va Nodir Erdanovlar o‘zlarining xizmat itlari – Geroy (4 yosh), Hamlet (4 yosh), Grand ayur Drago (1,5 yosh), Grand ayur Jus (1,5 yosh) va Den (5 yosh) bilan mahoratlarini namoyish etishdi. Ta'kidlash joizki, tanlovda ishtirok etgan ba'zi xizmat itlari uchun mazkur musobaqa birinchisi bo‘ldi. Ammo bu holat umumiy natijaga o‘z ta'sirini o‘tkazmadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 iyulidan 12 avgustga qadar Rossiya, Belarus, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Xitoyning 22 ta poligonida uchinchi xalqaro armiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidan kelgan 28 mamlakatning 150 dan ziyod jamoasi o‘zaro kuch sinashdi.
Ta'kidlash kerakki, O‘zbekiston harbiy xizmatchilari mazkur musobaqalarda birinchi marta ishtirok etdi. “Qo‘shin razvedkasi a'lochilari”, “Elbrus halqasi”, “Sodiq do‘st”, “Xavfsiz marshrut”, “Yo‘l patruli”, “Merganlik marrasi”, “Qurolsoz usta”, “Musaffo osmon” kabi 8ta tanlovlarda ishtirokchi, “Tank biatloni”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Dala oshxonasi”, “Osmon kaliti”, “Avtobronetank texnikasi ustasi”, “Harbiy ralli”, “Muhandislik formulasi”, “Rembat”, “Hamdo‘stlik jangchisi”, “Artilleriya ustasi”, “UUA (uchuvchisiz uchish apparatlari) ekipajlari musobaqasi”, “Suvorov shiddati”, “Xavfsiz muhit”, “Desantchilar vzvodi”, “Aviadarts” kabi 15 ta musobaqalarda esa kuzatuvchi sifatida qatnashdi.
12 avgust erta tongda Toshkent xalqaro aeroportida Xalqaro armiya o‘yinlaridan navbatdagi yutuqlar bilan qaytib kelgan harbiy xizmatchilarni tantanali kutib olishga bag‘ishlangan marosimda mamlakat Mudofaa vazirligi rahbariyati, tanlov ishtirokchilarining yaqinlari va hamkasblari qatnashdi.
Mavzuga oid
18:47 / 10.08.2019
O‘zbekistonlik kinologning rekordi Mudofaa vazirligi jamoasiga 3-o‘rinni taqdim etdi
16:10 / 15.09.2017
MDH kinologlari Toshkentda yig‘ildi
09:32 / 01.08.2017
Qozog‘istonda xalqaro armiya o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda
09:18 / 24.07.2017