O‘zbekiston | 21:30 / 19.08.2017
52231
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi Police mototsikl guruhlari​ faoliyatiga oydinlik kiritildi

O‘tayotgan hafta davomida Toshkent shahri ko‘chalarida Yaponiyada ishlab chiqarilgan va maxsus jihozlangan mototsikllarda harakatlanib ketayotgan yo‘l patrul xizmati xodimlari paydo bo‘lgan edi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, ushbu guruhga yo‘llar va ko‘chalarning harakatlanish qiyin bo‘lgan qatnov qismlarida, odamlar gavjum joylarda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash vazifasi yuklatilgan.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi vakili KUN.UZ nashriga ma'lumot berishicha, yo‘l patrul xizmati mototsikl guruhlari 16 avgustdan boshlab Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘z faoliyatini boshladi. Barcha mototsikl guruhida bo‘lishi ko‘zda tutilgan xodimlar o‘quv-treningdan o‘tkazilgan bo‘lib, ma'lum muddat davomida malaka oshirishgan. Shuningdek, Xorazm viloyatida ham ana shunday o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan bo‘lib, tez kunlarda Urganch shahri va uning atrofida yo‘l patrul xizmati mototsikl guruhlari tashkil etiladi. Ayni ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilanganidek, tajriba-sinov tariqasida o‘tkazilmoqda.

Manbaning aytishicha, Samarqand shahrida faoliyatini boshlagan guruh aholi va transport tirband yo‘l kesishmalarida, tarixiy obida va majmualar, xususan Registon maydoni atrofida ish boshlagan. 2018 yil 1 oktabrga qadar aholi va mutaxassislardan takliflar qabul qilinib, yangi ko‘rinishdagi xizmat turiga nisbatan munosabatlar o‘rganiladi.

Nega mototsikllarda Police yozuvi bor?

Aniqlanishicha, Yaponiyadan yangi keltirilgan xizmat transportlari buyurtma asosida sotib olingan. Shuning uchun ishlab chiqaruvchi Police yorlig‘ini yopishtirib eksport qilgan. Ammo ayrim tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, bu "Politsiya” atamasini amaliyotda joriy etish yo‘lidagi ilk qadamlardan hisoblanadi.

Mavzuga oid