Jahon | 13:08 / 22.08.2017
21164
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh iqtisodiyoti quyosh tutilishi tufayli 700 mln dollarni yo‘qotdi

Foto: Reuters

AQShda kuzatilgan quyosh tutilishi kompaniyalarga 694 mln dollar miqdorida zarar keltirdi. Sababi xodimlar ishlarini tashlab, bu holatni ko‘rishga oshiqqanlar, deyiladi Challenger, Gray & Christmas kompaniyasi hisobotida.

Ekspertlarning baholashicha, amerikaliklar quyosh tutilishini kuzatish uchun o‘rtacha 20 daqiqa vaqt sarflashgan. Shu bilan birga, tutilish yaxshiroq ko‘ringan shtatlar bu yerlarga ataylab kelgan sayyohlardan millionlab dollar olishgan.

USA Today taxminicha, Tennesi shtatidagi Neshvill shahri dushanba kuni 50-70 ming atrofida sayyohni qabul qilgan bo‘lib, ular 15-20 mln dollar sarflashgan. Janubiy Karolina shtati daromadlari 43 mln dollarga yetgan bo‘lishi mumkin, Aydaxo shtatining janubi-sharqiga esa naq 500 mingga yaqin kishi borgan.

Ta'kidlanishicha, 700 mln dollar raqami AQShdagi ish beruvchilarga qimmatroqqa tushadigan boshqa hodisalar bilan taqqoslaganda ancha kam. Masalan, talabalar jamoalari o‘rtasida basketbol bo‘yicha chempionatning final bosqichi (“mart jinniligi” deb ataluvchi holat) har yili kompaniyalarga 2 mlrd dollarga tushadi. 

Avvalroq AQShda quyosh tutilishini tomosha qilayotganlarni avtomobil bosib ketgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid