Sport | 19:14 / 22.08.2017
20907
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonga qarshi o‘yinga muxlislar kiritilmasligiga rasman izoh berildi

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining qaroriga ko‘ra, 25 avgust kuniga belgilangan O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yopiq tarzda o‘tkaziladi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Ushbu o‘yinni tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘yinchini almashtirish imkoniyatidan cheklanmagan miqdorda foydalanishga o‘zaro kelishib olganligi munosabati bilan o‘yin xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga ega bo‘lmaydi.

«Futbol qoidalari»ning maydondagi o‘yinchilarning soni haqidagi 3-bandiga ko‘ra, milliy terma jamoalarning xalqaro o‘yinlarida ko‘pi bilan bir jamoadan 6 futbolchining almashtirilishiga ruxsat beriladi. 6 futbolchidan ko‘p o‘yinchi almashtirilgan o‘yinga «nazorat uchrashuvi» maqomi beriladi va u FIFAning xalqaro taqvimida ro‘yxatga qo‘yilmaydi. Shu sababli, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘yin nazorat o‘yini sifatida darajalanadi va FIFA reytingini hisoblashda inobatga olinmaydi.

FIFAning 2017 yil 26 iyulida tashkilotga a'zo federatsiyalarga yuborgan 1593-raqamli sirkulyarga ko‘ra, bunday nazorat uchrashuvilarining targ‘iboti, o‘yinga chipta sotish, o‘yinni translyatsiya qilishga ruxsat berilmasligi munosabati bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi nazorat o‘yini translyatsiya qilinmaydi.

O‘zbekiston — Qirg‘iziston uchrashuvi «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadi.

Bundan avvalroq Qirg‘izistonga qarshi o‘yinga muxlislar kiritilmasligi, shuningdek, televideniyeda olib berilmasligi haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid