O‘zbekiston | 17:00 / 30.08.2017
41356
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Xo‘jayev O‘zMTRK rahbarligiga qaytmoqda

Foto: O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi

30 avgust kuni kechqurun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkaziladi va tashkilotga yangi rahbar tayinlanadi.

Kun.uz ning ishonchli manbalari ma'lum qilishicha, Alisher Xo‘jayev O‘zMTRK raisligiga qaytariladi.

U bir oyga yaqin vaqt davomida televideniyega rahbarlik qilgan, 29 avgust kuni lavozimdan olingan Bobur Alixonov o‘rnida ishni davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Xo‘jayev 2005 yil aprelidan 2017 yil boshiga qadar O‘zMTRK rahbari bo‘lgan, shu yil boshida ishdan ketgan va uning o‘rniga Xurshid Mirzohidov tayinlangandi. Mirzohidov bu lavozimda yarim yil, 2017 yil avgustiga qadar faoliyat yuritdi.

Alisher Xo‘jayev 1963 yili Toshkent viloyatida tavallud topgan, 1985 yili Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

U 1985—1993 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tekshirish institutlari, ishlab chiqarish birlashmalarida faoliyat olib borgan, 1993—1996 yillarda NKK firmasida tizim muhandisi bo‘lib ishlagan.

Alisher Xo‘jayev 1996 yildan rahbarlik lavozimlarida faoliyat yurita boshlagan. 1996 yildan 1998 yilga qadar «KomUzAziya» kompaniyasida, 1998—2001 yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan.

2001—2002 yillarda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2002—2005 yillarda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining (hozirgi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shundan keyin, 2005 yil 15 aprelidan O‘zbekiston Teleradiokompaniyasiga rahbarlik qilishni boshlagandi.

Mavzuga oid