Jahon | 00:15 / 06.09.2017
9480
2 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiyaning eng qudratli narkokarteli hukumatga taslim bo‘lishini e'lon qildi

Foto: Carlos Jasso / REUTERS

Kolumbiyaning eng qudratli narkokarteli “Ko‘rfaz klani” a'zolari mamlakat huquq-tartibot idoralariga taslim bo‘lishga tayyorliklarini ma'lum qildilar. Bu haqda mamlakat prezidenti Xuan Manuel Santos e'lon qildi, deb xabar bermoqda Colombiano nashri.

“3 sentabrda pochta orqali klan yetakchisining maktubini oldik. U maktubda taslim bo‘lmoqchiligini bildirgan. Men adliya vazirligi va prokuraturaga bu vaziyatga baho berishni topshirdim”, deb aytgan Santos.

Maktubda guruh yetakchisi Dairo Antonio Usuga narkokartelning barcha a'zolari o‘z qilmishlariga javob berishga tayyorligini bildirgan.

Kolumbiya prezidentining ta'kidlashicha, narkokartel a'zolarining taslim bo‘lishi haqidagi xabar shunisi bilan ham quvonarliki, bu guruh yirikligi bo‘yicha hukumatga qarshi chiqayotgan ikkinchi raqamli guruh edi. Yaqin kunlargacha Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari (KIQK)  bu borada birinchi sanalib kelinardi.   

O‘tgan yil 7 oktabrda Santosga yarim asrdan ko‘proq davom etgan fuqarolik urushi tugatilishiga qaratilgan sa'y-harakatlari uchun Nobel mukofoti berilgandi. Shu yilning 26 sentabrida Santos KIQK jangchilari yetakchisi Londono Echeverri bilan tinchlik sulhini tuzishgan.

Mavzuga oid