O‘zbekiston | 16:40 / 19.09.2017
100663
4 daqiqa o‘qiladi

Paxta-2017: Maktab o‘quvchilaridan paxta terimi uchun pul so‘rash mumkinmi?

Foto: KUN.UZ

Kun.uz tahririyatiga qo‘ng‘iroq qilib, murojaat qilgan otaning aytishicha, farzandi ta'lim olayotgan Namangan tumanidagi 1-maktab 3-sinf o‘quvchilarining ota-onasidan 2017 yil paxta terim mavsumida yollanma mehnatkashlarni jalb etish yoki o‘rniga pul so‘ralmoqda. Xalqchil qilib aytganda, «kunlik paxta terimiga mardikor qilib beringlar, bo‘lmasa, kuniga 20 ming so‘mdan to‘lov qiling», deya talab qilinmoqda.

Kun.uz muxbiri mazkur vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida, avvalo xalqaro va milliy qonunchiligimizga nazar tashladi. O‘zbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan Xalqaro Mehnat tashkilotining bola mehnatiga doir konvensiyasida, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyada, Inson huquqlari deklaratsiyasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi milliy qonunchilik bazasida ham «voyaga yetmagan shaxsni majburiy mehnatga bevosita yoki bilvosita jalb etish taqiqlangan».

Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati mazkur masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirgan: har qanday holatda ham bola mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, umumta'lim maktablarida noqonuniy pul yig‘ishlar taqiqlangan.

Muxbir bilan suhbatda bo‘lgan otaning aytishicha, farzandining sinf o‘qituvchisi «mardikor olib berishni yoki o‘rniga 20 ming so‘m to‘lashni bot-bot takrorlamoqda, balki bu farzandining barkamol o‘qib o‘rganishi uchun kimgadir oddiy chiqimdir, yoki milliy boyligimiz uchun o‘z hissamizni qo‘shishdir», degan ota va ushbu harakat nechog‘lik qonuniy ekanligini so‘ragan.

Namangan tumanidagi 1-maktab direktori Jamolxon Tursunov bilan bog‘langanimizda, u voqeaning tafsilotini quyidagicha so‘zlab berdi: «Bu yerda anglashmovchilik bo‘lgan, ya'ni pul yig‘imi haqida hech qanday so‘z ham bo‘lmagan. Bir guruh ota-onalar esa o‘z xohishiga ko‘ra, «oq oltin» xirmoniga o‘z hissamizni qo‘shamiz, deya terimga chiqishgan. Buni yashash joylaridagi MFY vakillari ham tasdiqlaydi», deydi.

Shuni aytish joizki, bu ko‘rinishdagi bola mehnatiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, har qanday shaxsni majburiy mehnatga jalb etish qonun bilan taqiqlangan. Agar huquq va erkinliklaringiz poymol etilayotgan holat yuz bersa, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 200-06-00 ishonch raqamiga, Vazirlik huzuridagi Mehnat inspeksiya 239-41-12 ishonch raqamiga yoki http://inspektor.mehnat.uz/ sayti orqali murojaat qilgan holda xabar bering. Bundan tashqari, ish joydagi mehnat munosabatlarida majburiy ishlarga jalb etish holati kuzatilsa, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining 200-10-92 yoki 1092 ishonch raqamlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz.

Har qanday holatda majburiy mehnat ko‘rinishidagi ishga «o‘z xohishingiz bilan» rozilik berish haqidagi tilxat, arizaga imzo chekmang. Bu bilan siz kelgusida o‘z huquq va erkinliklaringiz uchun kurashish imkoniyatidan mahrum bo‘lasiz. Agar ish joyingizda shaxsingizga nisbatan bosim yoki tahdid uyushtirilsa, tegishli huquqni muhofaza etish organlariga murojaat qiling.

 

Mavzuga oid