Jahon | 08:53 / 21.09.2017
5151
2 daqiqa o‘qiladi

Xorvatiya yevro hududiga kirish bo‘yicha kampaniya boshlaydi

Foto: RIA «Novosti»

Xorvatiya rahbariyati 2020 yilda Yevropa valyuta kurslari mexanizmining bir qismi, keyinroq esa yevrohududning to‘laqonli a'zosi bo‘lish uchun yaqin haftalarda yevro hududiga kirish bo‘yicha kampaniyani boshlaydi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Andrey Plenkovich ma'lum qildi. 

Plenkovich bu haqda Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti talabalari oldidagi chiqishi vaqtida aytdi. Uning aytishicha, Zagreb oldida Xorvatiyaning yevrohududga mansubligini kuchaytiradigan yana ikki qadam qoldi. Ulardan biri – shengen zonasiga qo‘shilish, ikkinchisi esa yevrohududga kirish.

"Biz 2011 yilda Yevropa Ittifoqiga kirish haqidagi kelishuvni imzolaganimizda, shengen va yevro hududlari talab va mezonlariga muvofiq kelishga rozilik berganmiz. Yaqin haftalarda yevrohududga kirish bo‘yicha kampaniyani boshlaymiz. U hukumat va milliy bank tomondan amalga oshiriladi", deb aytgan Plenkovich.

Ayni vaqtda Xorvatiyada muomalada milliy valyuta – xorvat kunasi amal qilib, uning kursi bir yevro uchun 7,5 kuna atrofida tebranadi. Xorvatiya Yevropa Ittifoqiga 2013 yilda kirgan va uning eng yosh a'zosi hisoblanadi.

Mavzuga oid