O‘zbekiston | 23:12 / 23.09.2017
119995
3 daqiqa o‘qiladi

Paxta-2017: Odilona qaror qanday qabul qilindi?

Foto: KUN.UZ

Sentyabr oyi davomida tarixiy qaror va yangiliklar xalqimiz e'tiboriga havola etilmoqda va bularning barchasi uzoq yillar davomida kutilgan xushxabarlar edi. Ulardan biri banklarda erkin valyuta konvertatsiyasining joriy etilishi bo‘lsa, boshqasi paxta terim mavsumida kishilarning u yoki bu shakldagi majburiy mehnatidan voz kechish kabi tarixiy qarorlar ekanligini eslashning o‘zi kifoya qiladi.

Kun.uz saytida erkin valyuta konvertatsiya amaliyotining joriy etilishiga doir ko‘plab tahliliy, dolzarb maqolalar e'lon qilindi.

Bugungi kun savoli esa paxta terim mavsumi, shunday ekan, ushbu jarayon atrofida paydo bo‘layotgan savolga javob berishga harakat qilamiz. Eng avvalo, paxta terimida bunday tarixiy qaror nega zudlik bilan, kutilmaganda qabul qilindi?

Xabaringiz bor, 20 sentabr kuni AQShning Nyu-York shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Jahon Banki prezidenti Jim Yong Kim uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarni muhokama etib, kelgusi rejadagi masalalarga to‘xtalib o‘tishgan. Shu o‘rinda Jahon Banki prezidenti janob Kim prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan amaliy harakatlar va islohotlardan xabardor ekanligini ta'kidlab, ulkan ishlarda muvaffaqiyat tilagan.

Shuningdek, mamlakat bolalar mehnatida butunlay voz kechganini eslab, Yong Kim tez orada majburiy mehnatning har qanday shaklini tugatishga qaratilgan olib borilayotgan ishlarda omad tilagan. O‘z o‘rnida davlat rahbari bu borada barcha imkoniyatlarni ishga solishini aytib, O‘zbekistonda mehnat munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilishini ma'lum qilgan.

Oradan biroz fursat o‘tgach, xalqaro maydonda yangragan so‘zlar chin yurakdan aytilgani o‘z isbotini topdi. Mehnat munosabatlarini tartibga solish, inson huquqlarini himoya qilish, majburiy mehnatdan voz kechish kabi oliy qarorlar davlat rahbarining nufuzini oshirish bilan birga, mamlakatda ijtimoiy adolatni ta'minlaydi. Bundan tashqari, ta'lim va maorif sohasida boshlangan islohotlarni barqaror davom ettirish imkoniyatini taqdim etdi. Bu chindan quvonarli xabar bo‘ldi.

Bunday harakatlar "Xalq davlat idoralariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, deyilgan so‘zlar chin ma'nosida amalda o‘z ifodasini topib borayotganini bildiradi.

Mavzuga oid