O‘zbekiston | 13:30 / 09.10.2017
92088
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev test sinovlari tizimi eskirganini aytdi

© Foto: prezident.uz

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta'lim sohasini isloh qilish, kasb-hunar ta'limi tizimini yanada rivojlantirish va oliy ta'limning bakalavr yo‘nalishiga qabul bo‘yicha test sinovlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, tegishli vazirlik va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, yig‘ilishda ta'lim muassasalari bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Xususan, 2017-2021 yillarda oliy ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish dasturini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini yanada takomillashtirish, pullik xizmatlar ko‘rsatish va moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalarini izlashda oliy o‘quv yurtlarining vakolatlarini kengaytirish yo‘li bilan ularning mustaqilligi bosqichma-bosqich rivojlantirib borilishi haqida topshiriqlar berildi.

Prezident sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha ota-onalar va o‘quvchilarning fikrlarnini inobatga olish, ular bilan «ochiq eshiklar» kunlari kabi tadbirlar tashkil qilib, uchrashuvlar o‘tkazish kerakligini alohida ta'kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatini va «Astronomiya va aeronavtika» bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Yig‘ilishda hududlar imkoniyati va salohiyatini o‘rgangan holda 8-9 sinf o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Bu ta'limning keyingi bosqichida o‘quvchilarning hunar egallashida yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Endilikda umumta'lim maktablari bitiruvchilarini ellikka yaqin kasbga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablari negizida zamonaviy jihozlangan o‘quv ishlab chiqarish markazlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ba'zi kasb-hunar kollejlari tegishli vazirlik va idoralarga korxona va tashkilotlarga biriktiriladi. Prezident soha rahbarlariga bu borada joylarga chiqib, qaysi hududga qanday soha bo‘yicha mutaxassislar zarurligini o‘rganib chiqish vazifasini topshirdi.

Davlat rahbari oliy ta'lim muassasalarining bakalavr yo‘nalishiga bo‘ladigan test sinovlarini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish, bunda rivojlangan xorijiy davlatlarda sinovdan o‘tgan eng ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, test sinovlarining shaffofligini ta'minlash yuzasidan ham ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga bo‘lgan talabning oshib borayotganini, bunda muhim bo‘lgan test sinovlari tizimining esa eskirganini qayd etdi.

Davlat rahbari mutassadi rahbarlarga ta'lim tizimini takomilashtirish, o‘quv adabiyotlari bilan sifatli ta'minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasida tegishli topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid