Jahon | 15:24 / 10.10.2017
13042
2 daqiqa o‘qiladi

O‘ninchisi: Putin Ivanovo oblasti gubernatorini ham almashtirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ivanovo oblasti gubernatori Pavel Konkovning iste'fosini qabul qilgan, deb xabar berilmoqda Kreml rasmiy saytida. Hududning vaqtincha rahbari etib iqtisodiy rivojlanish vazirining o‘rinborsari Stanislav Voskresenskiy tayinlangan. Konkov ham «o‘z ixtiyoriga ko‘ra» iste'foga chiqarilgan.

Pavel Konkov Ivanovo oblastini 2013 yildan buyon boshqarayotgan, vakolatlari 2019 yilda nihoyalanar edi. Voskresenskiy iqtisodiy rivojlanish vazirligida 2008–2012 yillarda, so‘ngra 2014 yildan ishlab kelayotgan edi. 2012–2014 yillarda u Shimoliy-G‘arbiy federal okrugida prezident vakilining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Foto: Pavel Konkov / TASS

25 sentabr kuni «Kommersant'» nashri Kremldagi manbalariga tayanib, bir necha gubernatorlar iste'foga chiqarilishini e'lon qilgan edi. O‘sha kunning o‘zidayoq Samara oblasti gubernatori Nikolay Merkushkin lavozimidan ayrildi. So‘ngra Nijniy Novgorod oblasti gubernatori Valeriy Shantsev, Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Viktor Tolokonskiy, Dog‘iston rahbari Ramazon Abdulatipov, Nenets avtonom okrugi rahbari Igor Koshin, Primore o‘lkasi gubernatori Vladimir Miklushevskiy, Oryol oblasti gubernatori Vadim Potomskiy, Novosibirsk oblasti gubernatori Vladimir Gorodetskiy, Omsk oblasti gubernatori Viktor Nazarov birin-ketin «o‘z arizasiga binoan» iste'foga chiqarildi. Bulardan tashqari, nashr Murmansk oblasti va Oltoy o‘lkasi rahbarlari ham iste'foga chiqarilishini e'lon qilgan edi.

«Vladimir Putin 15 kun ichida 9 nafar gubernatorni ishdan bo‘shatdi» maqolasida ushbu iste'folar 2018 yili o‘tkaziladigan prezidentlik saylovi bilan bog‘liq ekanligi haqida fikr yuritilgan edi.

Mavzuga oid