Jamiyat | 20:10 / 16.10.2017
66573
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori bilan yangi jamg‘arma tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

«Madaniyat va san'at sohasidagi boshqaruv tizimida davlat siyosatini amalga oshirish samaradorligini oshirish maqsadida  O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan byudjyetdan tashqari Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin», deyilgan qarorda. 

Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan: 

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi faoliyatini ta'minlash; 

moliyaviy, tashkiliy va ijodiy yo‘nalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, madaniyat arboblarini hamda tasviriy san'at, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohalarida ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash; 

xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyat va san'at sohasida xalqaro madaniy tashkilotlar va xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish, mamlakatimizda madaniyat va san'atga doir homiylikni rivojlantirishga ko‘maklashish; 

madaniyatlararo ijodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek san'atining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, shuningdek, mamlakatimizning madaniy va ilmiy-texnik salohiyati hamda raqobatdoshligi bilan bog‘liq jihatlarni namoyish etish; 

madaniyat va san'at sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarni zarur adabiyotlar va davriy nashrlar bilan ta'minlash; 

xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda, mamlakatimiz muzeylari va boshqa madaniy muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish; 

xalqaro standartlarga muvofiq yangi madaniy muassasalar qurish uchun moliyaviy mablag‘ va ko‘mak berish; 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni kapital hamda joriy ta'mirlash; 

xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlari bilan hamkorlikda loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni tashkil etishni ta'minlash; 

jahondagi ilg‘or tajribalarni mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash maqsadida madaniyat va san'at sohasini moliyalashtirish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish; 

aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish hajmini va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi byudjyet tashkilotlari fondiga tushumlarni ko‘paytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; 

qonunchilikda belgilangan manbalardan tushayotgan mablag‘larni jamg‘arishni ta'minlash; 

ajratilayotgan maqsadli mablag‘lardan to‘g‘ri, samarali va maqsadli foydalanish ustidan tizimli nazorat o‘rnatish; 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha tadbirlar uchun maqsadli mablag‘lar ajratish. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.

Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy ajratmalardan tashqari barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli fondlariga majburiy to‘lovlardan ozod qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, unda, jumladan, Jamg‘arma ijrochi direksiyasi tuzilmasini tasdiqlashni ko‘zda tutildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda, bir oy muddatda ular tomonidan qabul qilingan me'yoriy-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Mavzuga oid