Jamiyat | 19:33 / 21.10.2017
6144
3 daqiqa o‘qiladi

DHL kompaniyasi robot-pochtachilarni sinovdan o‘tkazmoqda

Foto: New Atlas

Yaqin kelajakda robot-pochtachilar inson pochtachilar ortidan izma-iz yurib, maktub, gazeta va jo‘natmalardan iborat 150 kg gacha yukni olib yuradi, deb yozmoqda New Atlas.

Jo‘natmalarni yetkazish xizmati kelajagi haqida o‘ylanganda, birinchi bo‘lib o‘yimizga uchar dronlar keladi. Dunyodagi eng yirik pochta kompaniyalaridan biri DHL’ning fikricha, bunda robotlar katta rol o‘ynashi mumkin. Nemis kompaniyasi bu maqsadda robot-pochtachini sinovdan o‘tkaza boshladi. Bu robot pochta xizmatlari xodimlarini og‘ir sumkalar ko‘tarib yurish zaruratidan xalos etadi va ularga maktub va jo‘natmalarni tezroq yetkazishga imkon beradi.

Sinov doirasida elektr pochta robotlari yaqin 6 hafta ichida Germaniya ko‘chalarida faoliyat ko‘rsatadi. Robot-pochtachi 150 sm balandlikka ega, g‘ildiraklarda harakatlanuvchi konteyner ko‘rinishida bo‘lib, soatiga 6 km tezlik bilan harakatlana oladi, bu tezlik odam qadamiga mosdir. Robot 150 kg pochta olib yura oladi. Datchiklar to‘plami robotga yo‘ldagi to‘siqlarni chetlab o‘tishga yordam beradi. Qurilmaning asosiy vazifasi inson pochtachi ortidan harakatlanish hisoblanadi.

"Biz xodimlarimiz keksayib qolganlarida ham bu jismonan og‘ir ishni bajara olishlarini istaymiz. Ularning mehnatini yengillashtirish uchun biz pochtani yetkazish uchun elektrobayklar qo‘llamoqdamiz, hozir esa robototexnika sohasidagi qaysi innovatsiyalar bizga yordam berishi mumkinligi haqida fikr yuritmoqdamiz. Pochta robotlari bilan tajriba biz kelgusida qaysi yo‘nalish bo‘yicha ketishimizni tushunishimizga imkon beradi", deb tushuntirdi Deutsche Post DHL Group vakili Yurgen Gerdes.

Kompaniya anchadan beri pochta jo‘natmalarini yetkazishning innovatsion metodlarini sinovdan o‘tkazib keladi. DHL bungacha Parcelcopter dronini sinovdan o‘tkazgan va haydovchisiz pochta avtomobillari loyihasini boshlamoqda. 

Mavzuga oid