O‘zbekiston | 17:10 / 26.10.2017
20144
3 daqiqa o‘qiladi

Pullik tibbiy xizmatlar bo‘yicha imtiyozlar qo‘llash tartibiga aniqlik kiritildi

Foto: Fotolia

Prezidentning 20.10.2017 yildagi PF–5212-son «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.
 
Norma.uz’ning yozishicha, hujjat bilan prezidentning 19.09.2007 yildagi PF–3923-son farmonining 7-bandi va prezidentning 1.04.2017 yildagi PQ–2863-son qarorining 8- hamda 9-bandlarida ko‘zda tutilgan imtiyozlarni qo‘llash tartibiga aniqlik qiritilgan.
 
Tibbiyot muassasalari va xususiy tibbiy tashkilotlar
 
Eslatib o‘tamiz, avval tibbiyot muassasalari 2007 yilning 1 oktabridan aholiga pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) tibbiyot muassasalari 2018 yilning 1 yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va Respublika yo‘l jamg‘armasi hamda Byudjyetdan tashqari Moliya vazirligi huzuridagi ta'lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladigan majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilgan, bo‘shaydigan mablag‘lar tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga maqsadli ravishda yo‘naltirilgan edi.
 
Aholiga pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) xususiy tibbiyot muassasalari esa, jumladan, xorijiy investorlar ishtirokidagi xususiy tibbiyot muassasalari 2022 yilning 1 yanvarigacha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilgan, bunda bo‘shagan mablag‘lar xususiy tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy, muhandislik-texnik uskunalar bilan jihozlash, ularga servis-texnik xizmat ko‘rsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, materiallar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun yangi binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltirilgan edi.
 
Endi mazkur soliq imtiyozlarini qo‘llash maqsadida hisobot davriga ko‘ra faoliyatining asosiy turi tibbiy xizmatlar ko‘rsatish (stamotologik va kosmetologik xizmatlardan tashqari) bo‘lgan tibbiyot muassasalari (tashkilotlari) kiritilishiga aniqlik qiritilgan.
 
Bunda imtiyoz faqat tibbiy xizmatlar qismi uchungina taqdim etiladi. Agar tibbiy xizmatlar ko‘rsatish asosiy faoliyat turi bo‘lsa, u boshqa turdagi daromadlarga ham tegishli bo‘ladi.
 
Qishloq joylardagi tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi mikrofirmalar va kichik korxonalar
 
Eslatib o‘tamiz, qishloq joylarda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida tashkil etiladigan yangi mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etiladi.
 
Mazkur imtiyoz faqat tibbiy xizmatlar borasida taqdim etilishi, stomatologik va kosmetologik xizmatlar uchun berilmasligiga aniqlik qiritilgan.

Mavzuga oid