Jahon | 09:07 / 30.10.2017
7664
3 daqiqa o‘qiladi

Barzaniy: Bag‘dod Iroq Kurdistoniga hujum qilish uchun referendumdan foydalandi

Iroq Kurdistonining mustaqilligi bo‘yicha referendum Bag‘dod tomondan muxtoriyatga hujum qilish uchun bahona bo‘lgan. Bunday fikrni 29 oktabrda referendum o‘tkazilgandan keyin ilk bor televideniye orqali murojaat qilgan muxtoriyat rahbari Mas'ud Barzaniy aytib o‘tdi. Bu haqda Sky News Arabia telekanali xabar bergan.

Muxtoriyatning ko‘p yillik yetakchisi 1 noyabrda o‘z vakolatlarini topshirmoqda.

"Markaziy hukumat Kurdistonga qarshi qilayotgan ishlar avvaldan rejalashtirilgan bo‘lgan. Referendum esa muxtoriyatimizga hujum qilish uchun bir bahona bo‘lgan", deb aytib o‘tdi Barzaniy.

Barzaniyning aytishicha, referendumdan maqsad kurdlar uchun muammolarni hal qilishning tinch yo‘lini topishdan iborat bo‘lgan. "Biz hamisha referendum ortidan darhol mustaqillik haqida biror-bir deklaratsiyalar e'lon qilinmasligini  va biz doimo muloqotga intilganimizni aytib kelganmiz. Hozir bo‘layotgan ishlar referendum deb bo‘lmayapti. Agar u bo‘lmaganda ham, Bag‘dodda baribir kurd tumanlariga hujum qilish va muxtoriyatdagi vaziyatni izdan chiqarish rejasi bo‘lgan", deb ta'kidlab o‘tdi Barzaniy. 

Barzaniyning aytishicha, kurdlarni ularning "tog‘laridan" bo‘lak hech kim qo‘llab-quvvatlamaydi. "Biroq minglab odamlarimiz o‘zlarini va xalqni himoya qilishga tayyor. Biz qon to‘kilishini istamaymiz va muammolar muloqot yo‘li bilan hal qilinishiga intilamiz, biroq ular urush olib bormoqchi bo‘lsalar, biz o‘limni tanlaymiz va bizning sha'nimizga dog‘ tushishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Men aminmanki, xalqimiz o‘z taqdirini belgilash uchun kurashda muvaffaqiyat qozonadi, mustaqillik uchun ovoz berganlar esa hech qachon o‘chmaydigan tarixni yaratdilar", deb o‘z so‘zlarini davom ettirdi Barzaniy.  

Barzaniy bahsli hududlarda kuch qo‘llayotgan Bag‘dodning harakatlarini "qonstitutsiyaga zid" deb atadi va markaziy hukumatni yana bir bor muloqotga chorladi. "Ular konstitutsiyani himoya qilishayotganini aytishmoqda, biroq uning qayerida siyosiy kurashda Iroq qo‘shinlarini qo‘llash mumkinligi yozilgan? Agar Bag‘dod haqiqatan ham tinchlik va muloqotni istasa, unda kurd viloyati bu jarayonni boshladi va umid qilamizki, Bag‘dod biz bilan muloqot qilishga tayyor", deb aytdi Kurdiston rahbari.

Mavzuga oid