Jahon | 20:00 / 01.11.2017
13628
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaliklarning yarmidan ortig‘i Kseniya Sobchak prezidentlik saylovida qatnashishiga qarshi

Foto: Kommersant'

Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VTsIOM) teleboshlovchi Kseniya Sobchakning 2018 yili prezidentlik saylovlarida ishtirok etish rejasidan nechog‘lik xabardor yo yo‘qligi borasida Rossiya aholisi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 75 foizi Sobchak xonimning qaroridan xabardor. So‘ralganlarning 98 foizi teleboshlovchining ismini to‘g‘ri aytishgan, deb yozadi «Kommersant'.ru» nashri.

Kseniya Sobchakning saylovda ishtirok etish rejasidan xabardor bo‘lganlarning 57 foizi uning bu qarorini qo‘llab-quvvatlashmaydi, 33 foizi esa Sobchak xonimni prezidentlikka nomzodlar orasida ko‘rishni unchalik istashmasligini bayon etishgan. Teleboshlovchining prezidentlik saylovida qatnashish niyatini respondentlarning 8 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

«Teleboshlovchi haqida oldindan eshitgan fuqarolarning 69 foizi Sobchakning siyosiy istiqboli yo‘q, deb hisoblashadi, 6 foiz so‘ralganlar bunga teskari fikr bildirishgan»,— deya ta'kidlashmoqda sotsiologlar. Yana 16 foiz so‘ralganlarning fikricha, Kseniya Sobchak allaqachon siyosatda katta natijalarga erishgan, bundan ortig‘i uning qo‘lidan kelmaydi.

«VTsIOM-Sputnik»ning butunrossiya so‘rovnomasi 21–22 oktabr kunlari 18 yoshdan katta 1,2 ming respondentlar orasida o‘tkazilgan. So‘rov uslubi — telefon orqali intervyu bo‘lib, statistik xato 3,5 foizdan oshmaydi.

Rossiyaning beshta federal telekanalida nomi tilga olinish bo‘yicha Kseniya Sobchak barcha «an'anaviy» nomzodlarni ortda qoldirib, faqat Vladimir Putindan keyin turibdi.

Ilgari xabar qilinishicha, rossiyalik jurnalist va huquq himoyachisi Yekaterina Gordon, shuningdek, jamoatchi Irina Volynets ham 2018 yilgi Rossiya prezidenti saylovlarida ishtirok etish borasida istak bildirishgan.

Mavzuga oid