Jahon | 12:20 / 02.11.2017
7713
2 daqiqa o‘qiladi

Navoz Sharif sudda javob berish uchun Pokistonga qaytdi

Foto: AP

Pokiston sobiq bosh vaziri Navoz Sharif payshanba kuni sudda korrupsiyaga qarshi ish yuzasidan ko‘rsatma berish maqsadida mamlakatga qaytib keldi, deb xabar bermoqda Dawn nashri.

Bosh vazir Londondan Islomobodga qaytgan, u Angliya poytaxtida rafiqasi, onkologik xastalikdan davolanayotgan Begim Kulsum bilan birga bo‘lgan. Pakistan International Airlines aviakompaniyasining bortida sobiq bosh vazir bo‘lgan samolyoti Benazir Bhutto nomidagi aeroportga soat 8.20lar atrofida qo‘ngan. Siyosatchi o‘z tarafdorlari tomonidan kutib olindi. Keyinchalik payshanba kuni Sharif tarafdorlari oldida chiqish qiladi, juma kuni esa o‘z ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisiga boradi.

Shu bilan birga, o‘tgan hafta sud majlisga kelmagani sababli sobiq bosh vazirning hibsga olinishiga doir order berdi, biroq Pokiston ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, unga faqat sudga chaqiriq qog‘ozini topshirishlari kutilmoqda.

Sharif va uning oilasiga nisbatan tergov 2016 yilda Mossack Fonseca firmasining «Panama to‘plami» deb ataluvchi hujjatlari e'lon qilinganidan so‘ng boshlandi. Hujjatlarga ko‘ra, bosh vazirning farzandlari offshor firmalarga egalik qilgan. Oliy sud komissiyasi qoshidagi maxsus tergov guruhi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki surishtiruv joriy yilning yozida yakunlandi, 28 iyulda esa Oliy sud komissiya hisoboti asosida Navoz Sharifni hokimiyatdan chetlatdi hamda tergovda ismlari keltirilgan shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishga qaror qildi.

Mavzuga oid