O‘zbekiston | 12:50 / 04.11.2017
45055
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya haykali ochildi

Foto: O‘zA

Jizzax shahrida xalqning ardoqli farzandlari, ulkan shoirlar Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab barpo etilgan yodgorlik majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san'at namoyandalari, yozuvchi-shoirlar, Hamid Olimjon va Zulfiya avlodlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining davlat maslahatchisi X.Sultonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, adabiyotshunos I.G‘ofurov va boshqalar prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, ikki ardoqli shoir nomi bilan atalgan o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat, muzey milliy adabiyot rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, xalqning suyukli farzandlari xotirasiga ko‘rsatilgan alohida ehtirom ifodasi ekanini ta'kidladi. 

– Bugun o‘zbek adabiyotining katta bayrami. Ardoqli shoirlarimizning ruhlari hamisha uyg‘oq bo‘lgan bizning xonadonimizda ham shodiyona, – deydi Hamid Olimjonning nevarasi Lola Muhiddinova. – O‘z shoirlarini qadrlagan xalq – ulug‘dir, der edi Zulfiya ayamiz. Bugun barchamiz bu ikki ijodkorga xalq muhabbati, e'tirofi va ehtiromining guvohi bo‘lib turibmiz. Bu qutlug‘ ishga bosh-qosh bo‘lgan Prezidentimizga oilamizning yoshi ulug‘lari, navqiron avlodlari nomidan minnatdorlik bildiramiz. Ishonamizki, bu yodgorlik majmuasi hamisha adabiyot ixlosmandlari bilan gavjum bo‘ladi. 

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Soliyev ham ishtirok etgan. 

Mavzuga oid