O‘zbekiston | 19:14 / 22.11.2017
36499
3 daqiqa o‘qiladi

Tibbiy xodimlarning o‘rindoshlik asosida ishlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Foto: Kun.uz

20 noyabr kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlarini kadrlar bilan ta'minlashni yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlari xodimlarini o‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasb va lavozimda ishlash tartibi takomillashtirildi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmatining «Kun.uz»’ga xabar qilishicha Endi shifokorlar uchun o‘rindoshlik asosidagi ish vaqtining davom etishi bir oylik norma miqdorigacha belgilanishiga ruxsat berildi. Tibbiyot xodimlarining boshqa toifalari uchun esa oylik normaning yarmidan ortiq bo‘lmasligi belgilandi.

Mazkur qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktabrdagi 297-son bilan tasdiqlangan «O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomiga ham qator o‘zgartirishlar kiritildi.

«Xodimning asosiy ishi mehnatning noqulay shart-sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lgan holda o‘rindoshlik asosida shunday noqulay shart-sharoitlarda ishlashini (jumladan, laboratoriya, rentgen, radiologiya va h.k.) taqiqlash, shuningdek, o‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarga belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas, degan cheklov bekor qilindi. Yanada aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, shifokorlar uchun har ikkala — asosiy va o‘rindoshlik faoliyati noqulay shart-sharoitlar bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda ham ishlashiga ruxsat berildi. Bundan tashqari, byudjyet tashkilotlarida bir necha kasb va lavozimda ishlaganlik, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirganlik, ish hajmi ko‘payganligi uchun qo‘shimcha haq to‘lash miqdori bir necha kasb va lavozimda ishlagandagi lavozim maoshining 50 foizigacha ko‘tarildi. Ilgari ushbu miqdor 30 foizni tashkil qilar edi» — deydi respublika  sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot, moliyalashtirish va istiqbolni aniqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirazim Mirtalipov.

Mavzuga oid