Sport | 10:24 / 26.11.2017
7660
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik bokschi Ustinov WBA unvoni uchun jangda Manuel Charrga yutqazdi

Foto: boxen1

Rossiyalik o‘ta og‘ir vazn toifasidagi bokschi Aleksandr Ustinov WBA versiyasiga ko‘ra muntazam chempion unvonini qo‘lga kirita olmadi. Ustinov Germaniyaning Oberxauzenida o‘tgan 12-raundlik jangda germaniyalik Manuel Charrga ochkolar bo‘yicha mag‘lub bo‘ldi.

Uch hakam ham bir ovozdan g‘alabani Charrga topshirdi: 115:111, 116:111, 115:112.

Dastavval chempionlik kamari uchun amerikalik Shennon Briggs va puerto-rikolik Fres Okendo jang qilishlari kerak edi. Biroq WBA Briggsni doping qabul qilgani uchun yarim yilga chetlatdi. Briggsdan Okendo bilan jangdan oldin olingan doping-namuna tahlili uning qonida testosteron moddasi me'yoridan ko‘pligini ko‘rsatgan va oqibatda jang bekor qilingan.

Buning natijasida reytingda 2-o‘rinni egallagan Ustinov ushbu unvon uchun majburiy da'vogarga aylandi. Rossiyalik Okendo bilan uchrashishi rejalashtirilgandi, biroq WBA ushbu unvon uchun kurashish huquqini reytingning 4-o‘rnida bo‘lgan Charrga taqdim qildi.

Ushbu nufuzli versiyada oxirgi marta chempion bo‘lgan rossiyalik Aleksandr Povetkin hisoblanadi.

Endi 40 yoshli Ustinov hisobida 34 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyat bor. 33 yoshli Charr esa 31 ta g‘alabaga va 4 ta mag‘lubiyatga ega. WBA versiyasida superchempion unvoni britaniyalik Entoni Joshuaga tegishli.

Ayni vaqtda 5 nafar rossiyalik bokschi nufuzli versiyalar bo‘yicha chempionlik unvoniga egalar: Sergey Lipinets (IBF, 63,5 kg gacha), Dmitriy Bivol (WBA, 79,38 kg gacha), Artur Beterbiyev (IBF, 79,38 kg gacha), Denis Lebedev (WBA, 90,71 kg gacha) va Murat Gassiyev (IBF, 90,71 kg gacha).

Mavzuga oid