Jamiyat | 20:00 / 01.12.2017
29334
14 daqiqa o‘qiladi

Puch da'volarga aldanayotgan ojizalar

Sharq ayoli, xususan o‘zbek ayolining shaklu shamoyili, siyrati, ma'naviy olamining shakllanishida islom dinining ta'siri beqiyos. Oila boshlig‘i bo‘lgan erkakka hurmat, sharm-hayo, andisha, itoatkorlik, sabr va matonat barcha davrlarda o‘zbek ayolining muhim xislati sanalgan. Hozirgi global o‘zgarishlar, ma'naviy qadriyatlar evrilish davrida jamiyat negizi bo‘lgan oila mustahkamligini oqila va dono ayollarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Ayol — oila asosini saqlovchi Vatanimiz kelajagi, millatimiz ertasi va taraqqiyotini belgilab beruvchi kuch — yoshlarning bosh tarbiyachisi. Binobarin, jamiyatimizda o‘zining xulq-atvori, ongi va tafakkuri, fahm-farosati, aql-zakovati hamda didi bilan boshqalarga namuna bo‘lib kelayotgan ayollar ko‘p. Ammo ular orasida ayol degan buyuk nomga dog‘ tushirayotgan va uning sha'ni toptalishiga sabab bo‘layotganlar ham, afsuski topiladi. Ayniqsa, islom dinini niqob qilib, o‘zlarining turli g‘arazlarini amalga oshirishni maqsad qilgan diniy-ekstremistik va terrorchi guruhlarning puch da'volariga aldanib qolayotgan ayrim ayollar muqaddas dinimizga turli tuhmat toshlari otilishiga sabab bo‘lmoqdalar. Islom dinini o‘ziga niqob qilib olib undan qurol sifatida foydalanayotgan ekstremistik tashkilotlar o‘z faoliyatlariga maqsadli tarzda ayollarni jalb etib, terrorchilik harakatlarini amalga oshirishda ulardan "tirik bomba" sifatida foydalanmoqda.

Hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan diniy ekstremistik oqimlarning aksariyati inson shaxsiyati uchun xavfli hisoblanuvchi terroristik xarakterga ega.

Bu turdagi oqimlar inson irodasiga bosim o‘tkazish, uning tafakkuri, hissiyoti va xulq-atvorini nazorat qilish maqsadida kishilar ongiga ruhiy ta'sir o‘tkazish uslublari majmuidan ustamonlik bilan foydalanishadi:

  • "Oz-ozdan" texnologiyasi — yollanayotgan ayolni qilinayotgan kichik iltimoslar orqali jiddiy yonbosishga majbur qilish. Masalan, namozga faqat birgalikda borish, dam olish kunlarini birgalikda o‘tkazish, haftada bir kun kechqurunlari diniy adabiyot o‘qish, jamoaviy majlislarda qatnashish kabi "iltimos"lar.
  • Doimiy tarzda "miya yuvish" faoliyati amalga oshiriladi. Jalb etilayotgan ayolga, tashkilot g‘oyalarini amalga oshirish uning shaxsiy va jamiyatdagi muammolarini hal etishning eng maqbul yo‘li, degan g‘oya tinmay uqtiriladi.
  • Jamoaviy ta'sir. Yangi a'zo ayol jamoa tomonidan yagona g‘oyaga yo‘naltirilgan fikrlar bilan "ko‘mib" tashlanadi, o‘ylash va fikrlashga imkon qoldirilmaydi.
  • E'tiroz bildirish yoki bahslashish imkoni qoldirilmaydi. O‘z fikrlari bilan yolg‘iz qoldirmaslik maqsadida jamoada yangi bo‘lgan ayolga to‘xtovsiz ravishda yangidan-yangi ma'lumotlar beriladi.
  • Tanqid qilish qobiliyati va boshqa shaxsiy xususiyatlar ta'sirlantiriladi. Va'da qilingan oliy maqomga erishish uchun bir qator "ma'naviy" va jismoniy mashqlarni bajarish lozimligi tushuntiriladi. O‘z vaqtida ovqatlantirmaslik hamda kam uxlatish orqali qilinayotgan ishlar haqida o‘ylash, atrofdagi voqea-hodisalar yuzasidan tanqidiy fikr yuritishga bo‘sh vaqt qoldirilmaydi.
  • Ijobiy ta'sir kuchaytiriladi. Ayolga nisbatan doim xushmuomala bo‘linadi, g‘amxo‘rlik qilinadi, unga "beg‘araz" moddiy yordam ko‘rsatiladi, ayol "iliq munosabatlar", "diqqat-eʼtibor" va "g‘amxo‘rlik" qurshovida qoladi.
  • Ijtimoiy aloqalar cheklanadi. Asta-sekinlik bilan ayolni o‘qish, ishini tashlash, oilasidan uzoqlashtirish, uy-joyini o‘zgartirishga majbur qiladilar.
  • Jamiyatga qaytish imkoniyati yo‘q qilinadi. Ayol butunlay oqimga bog‘liq bo‘lib qoladi, uning xech qanday daromadi, ijtimoiy himoyachisi, tayinli kasbi bo‘lmaydi. Oilasi va do‘stlari bilan aloqalari uzilgani bois orqaga qaytishga yo‘l yo‘qdek ko‘rinadi. Aksariyat hollarda radikal guruhlar ayollarni da'vat etishda millat va din tanlamaydilar, guruhdagi barcha ayollar bir-biriga "opa-singil", deb uqtiradilar.
  • Yashab turgan hayotlari dahshatli tarzda ta'riflanadi va bunga ishontiriladi. O‘z o‘rnida hayotidan norozi ayol uchun bu o‘zini oqlash, ya'ni "men yomonmas balki dunyo, odamlar yomon, shuning uchun men qiynalmoqdaman" falsafasini yuzaga chiqaradi.
  • Ayollar g‘arazli g‘oyalar asosida tashkil etilgan guruhga olib boriladi va "haqiqiy hayot aslida mana shu", deb uqtiriladi. Ayollarga bu kabi "e'tibor" va "xushomad" shu qadar ta'sir qiladiki, bu yerda qolish uchun ular barcha narsaga tayyor bo‘ladi.
  • O‘z g‘oyalari va "buyuk" vazifalari, o‘lim va oxirat, jazo haqida shunchalik "buyuk" nutq so‘zlaydilarki, ayollarda tanqidiy tafakkur yo‘qolib, o‘rnini tafakkurning o‘zgarmasligi ustunlik qila boshlaydi.
  • Ayolga dunyoni anglaganidan buyon "noto‘g‘ri" yo‘lda ekani singdiriladi. Buning ta'sirida ayol o‘zi amal qilib yashab kelgan qadriyatlaridan voz kechadi va oqim g‘oyalari tuzog‘iga ilinadi.
  • O‘z oilasi, yaqinlarini o‘zi "haq" deb bilgan yo‘lga kiritishi kerakligi, uning izmiga yurmaganlardan voz kechishi lozimligi uqtiriladi. Har bir ayolga oqim yetakchisi ideallashtirilib tasvirlanadi va "u hech qachon xato qilmaydi" degan fikr singdiriladi.
  • Guruh vakillari ayollarda "men"ning ustun bo‘lishini shakllantiradilar. Bunda, biz yaxshi, boshqalar esa yomon, degan tamoyilga amal qilinadi.
  • Ayollarning mustaqil fikrlashi, erkinligi va hatto bo‘sh vaqti ham nazoratga olinadi, natijada ularda o‘qobig‘iga o‘ralib qolish xislati shakllanadi. Bu ularning qaysar, tushunarsiz va tajovuzkor bo‘lishiga olib keladi.
  • Ayollarga jannat, uning ahllari, tavsiflarini shu qadar yetkazadilarki, natijada ayollar bu qorong‘u dunyoda qiynalib yashashdan boqiy jannatga ketish uchun barcha narsaga tayyor bo‘ladi.
  • Ayollarga o‘hissiyotlarini jilovlash lozimligi uqtiriladi. Natijada, ayollarda mehr-oqibat, hissiyotlari bilan bo‘lishish kabi xislatlar yo‘qolib o‘rnini e'tiborsizlik, sovuqqonlik, ichga yutish, sirlilik, atrofdagilar bilan muloqotga kirishmaslik kabi xususiyatlar shakllantiriladi.
  • Ayollarni tayyorlashda "shahid"likka mahkumning ongini diniy taqiqlardan chalg‘itish maqsadida maxsus tanlangan matnlardan iborat risolalardan foydalaniladi. Bu kabi risolalar, o‘z bandalariga o‘lim yuboradigan, o‘zi esa abadiy tirik va yagona Allohga hamdu-sanolar bilan boshlanadi va o‘zini portlatish orqali qurbon qiluvchi shaxs ongini bundan buyon hayot tantanasi haqida fikr qilish imkoniyati yo‘qligiga tayyorlaydi, ayollarning bu kabi harakatlari asoslantiriladi.

Odatda, da'vatlar, ayollarning zaif nuqtasiga e'tibor bergan holda olib boriladi, birorta ayol bu yo‘lning hamda bajarishi lozim bo‘lgan ishining xato ekanini o‘z vaqtida anglab, ortiga qaytishni istasa, uning qaytishiga hech qanday imkon qoldirilmaydi, "bizdan chiqib hukumatga murojaat qilsang, ular seni ayab o‘tirmaydi, aksincha seni qattiq jazolaydi. Hukumat ikkimizni ham himoya qila olish darajasida emas, sening himoyaching yolg‘iz Alloh, demak Alloh yo‘lida sen o‘z joningdan voz kechishing, jihod qilishing lozim, bu esa senga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jannatiy bo‘lishingni kafolatlaydi", — deb qo‘rqitadilar. Bu kabi gaplardan cho‘chigan ayollar guruh rahbarlarining har qanday topshirig‘ini bajarishga rozi bo‘ladilar.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bunday "to‘r"ga ilingan ayollar moliyaviy, shaxsiy va ijtimoiy omillardan mahrum bo‘lgan qulga aylanadi. Tafakkurni ustalik bilan boshqarish esa, ayolni jismonan, ruhan, aqlan va ijtimoiy jihatdan tanazzulga uchrashiga olib keladi.

Terroristik tashkilotlarga jalb qilingan ayollarning guruh ichida bajaradigan vazifalari serqirra va muhim hisoblanadi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mutaassib ayolning jamoa ichidagi vazifalarini quyidagi uch turkumga ajratish mumkin:

  • «Onalik burchi» — ona sifatida yosh farzandlari ongida mutaassiblik urug‘larini undira boradi. Jamoada terrorchilik faoliyati uchun «munosib» o‘rinbosarlar tayyorlab boradi.
  • «Yangilarini jalb qila olish mahorati» — hamfikr, dardkash qo‘shni, amma, xola, singil, opa, ona, murabbiya sifatida jamoaga yangi ishonuvchan zaifalarni tortib keladi.
  • «Targ‘ibot quroli» - kommunikatsiya vositalari rivojlanib ketishi natijasida ayol kishi ayrim oqimlar qo‘lida targ‘ibot quroliga, keyin esa qurboniga aylanmoqda. Ayrim oqimlar odamlar e'tiborini tortish uchun aynan ayol kishining qurol ko‘tarib mashq qilishi, shahidlik belbog‘ini bog‘lashi, o‘zini portlatishi oldidan aytgan so‘zlari tushirilgan roliklarni ommalashtirish yo‘lidan bormoqda. Mazkur uch vazifasi bilan ayol terrorchilarning qo‘lida juda samarali qurol sifatida xizmat qilmoqda.

Ayollardan guruhlar paydo qilishda foydalaniladi

Yuqoridagilardan tashqari, diniy ekstremistik oqimlarga a'zo ayollar, avvalo, yangi guruhlar paydo qilish va ekstremistik g‘oyalarni kuchaytirish maqsadida o‘z ruhiyatlari ustida ishlaydi; o‘z guruhiga yetakchilik salohiyatiga ega, ta'sir o‘tkaza oladigan ayollarni to‘plashga harakat qiladi. Natijada, ong ostida yoshlikdan itoatkorlik singdirilgan o‘zbek ayoli bunday «ta'sir»ga ega xarizmatik ayollarning oson o‘ljasiga aylanadi.

Soha mutaxassislari, terror olamida ayollarning ishtiroki islomiy turmush tarzi, farzandlar tarbiyasi va maishiy turmush bilan band bo‘lish emas, balki aynan shu "olam" uchun "voris" - farzand dunyoga keltirishdan iborat, degan g‘oyani ham ilgari suradi.

Xususan, islom dini niqobi ostida faoliyat yuritayotgan diniy ekstremistik tashkilotlar hududlarga qizlarni u yerdagi jangarilar jinsiy ehtiyojini qondirish maqsadida soxta salafiylar tomonidan masjid va tashkilotlarda ruhiy tazyiq ostida bu "muqaddas urush" oldida ayollarning tanasi hech narsaga arzimasligini uqtirgan holda "nikoh jihodi"ga borishni da'vat etmoqda. Natijada, qizlar u yerdan noqonuniy tug‘iladigan va umri davomida otasi kim ekanini bilmaydigan farzandlarni orttirib keladi. Qizlar bu ishga ularni dinlari majburlagani va bu bilan o‘zlarini ushbu "muqaddas urush"ga qo‘shgan hissalari sifatida qaramokda. Afsus bilan tilga olish lozimki, ba'zi ayollarning o‘z oilasi va farzandlarini tashlab, ba'zilari turmush o‘rtoqlarini tashlab ketib bu ishga qo‘l urishmoqda.

"Dunyodagi barcha adashishlarning asosiy sababchisi ilmsizlikdir"

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, islom olamida ayol kishi, ayniqsa, ona zoti cheksiz hurmat, izzat-ikromga loyiq inson deb qaraladi. Shu sabab ham hadislarda «Jannat onalar oyog‘i ostida» deya ta'kidlangan. Taassufki, ayrim ayol-qizlarning ota-onalari, aka-uka va turmush o‘rtoqlari ayollarning o‘qish yoki ishlashi shart emas, buning o‘rniga uyida o‘tirib ibodat qilsalar yetarli, deb hisoblaydilar. Buning oqibatida, ayol mustaqil fikrlash qobiliyatidan mahrum, kasb-hunar, ilm-ma'rifatdan yiroq, jaholat va g‘aflat tuzog‘iga ilinishga tayyor o‘ljaga aylanadi. Islom dini esa, erkak yoki ayol ekanidan qat'i nazar barchaning ilm olishi farz ekanini alohida ta'kidlaydi.

Imom Zamaxshariy aytadilar: "Qanchadan qancha odamlar va qavmlar borki, ular sizga go‘yoki ip kabi eshilib mulozamat qiladilar, lekin ana o‘shalar payt poylab, fasod chiqarishga ishlatiladilar, g‘aflatda qolib shundaylarga sira aldanmang!".

Suqrot, "Dunyodagi barcha adashishlarning asosiy sababchisi ilmsizlikdir", degan bo‘lsa, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy esa: "Najot faqat bilimdadir", deb bejiz aytmagan. Ulamolar ham, musulmonning o‘z dini — islomni yaxshi bilishi o‘zi, jamiyati va o‘zgalar uchun ham yaxshilikdir, deya insonlarni ilm olishga chorlagan.

Unutmang! Bilimsizlik jaholatga, jaholat esa xiyonat va mutelikka olib keladi.

Dilafro‘z Turdiyeva, Toshkent Islom universiteti o‘qituvchisi

Mavzuga oid