Qizil va ko‘k. Uikendning asosiy o‘yinlari anonsi
«Tribuna» Yevropa yashil maydonlarida dam olish kunlari o‘tkaziladigan asosiy o‘yinlar anonsini taqdim etadi.
VeST HEM – CheLSI (9 dekabr, 17:30)
Bu hafta Angliya Premer ligasida uchta derbi bo‘lib o‘tadi. Ilk o‘yin London derbisi. «Vest Hem» so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turgan bo‘lsa-da, masalan, o‘tgan turda «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda juda yaxshi salohiyatga ega ekanini namoyish qildi. Moyyes shogirdlarining endi o‘z maydonlarida yetakchilardan biri bilan munosib kurasha olishlariga ishonsa bo‘ladi. Jamoa APLda 8 o‘yindan buyon g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan bo‘lsa-da, «Vest Hem» alohida bir uchrashuvda har qanday raqibga muammo tug‘dirishi mumkin, misol uchun, Angliya Liga kubogida «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alabani eslaylik. O‘tgan yili ham xuddi shu musobaqada ular «Chelsi»ni mag‘lub etishgandi.
Buning ustiga, «Chelsi»ning hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida kuchli raqib bilan maydonga tushganini ham unutmaslik kerak. To‘g‘ri, londonliklar o‘tgan turda keyingi bosqich masalasini hal qilgandilar, ammo bu o‘yin guruhdagi 1-o‘rinni aniqlashda juda muhim edi.
Umuman bu jamoalar o‘rtasidagi bahslarda «Chelsi»ning natijalari ancha yuqori bo‘lsa-da, so‘nggi 6 o‘yinda faqat minimal hisob yoki durang qayd etilgan. Shu faktning o‘zi ham ertaga juda keskin uchrashuv ko‘rishimiz mumkinligiga asos bo‘la oladi.
BYoRNLI – UOTFORD (9 dekabr, 20:00)
Bu mavsumda hammani eng ko‘p hayron qoldirayotgan ikki jamoa o‘zaro to‘qnash keladi. Chempionat boshlanmasidan Angliyada ilk 6 o‘rinni kimlar egallashi aniqdek ko‘ringan, keyingi o‘rinlarni esa, ko‘proq yozda yaxshigina transfer kompaniyasi olib borgan «Everton», «Vest Hem» kabi jamoalar egallashini kutishgandi.
Ammo Shon Daych va Markus Silva (qizig‘i, har ikki murabbiyga «Everton» qiziqishi bildirmoqda) jamoalari o‘rtamiyonalar ichida juda kuchli o‘yin namoyish etishmoqda va Top-6 ga juda yaqin turishibdi. Atigi ikki yil oldin bu ikki jamoa Chempionshipda orani ochiq qilib yurganliklariga ishonish qiyin.
ReAL – SeVILYa (9 dekabr, 20:15)
Madrid klubi «Sevilya»ni o‘z maydonida qabul qilgan so‘nggi 11 uchrashuvda faqat g‘alaba qozongan. Ammo hech qachon o‘yin oldidan bu qadar muammoli holatda qolmagan bo‘lsa kerak.
Bilbaodagi o‘yin «Real»dan muhim 2 ochkoni tortib olish bilan birgalikda, birato‘la uch muhim futbolchini safdan chiqardi. Serxio Ramos qizil kartochka olgan bo‘lsa, Karvaxal va Kazemironing sariq kartochkalari ko‘payib qolgani tufayli navbatdagi uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. Buning ustiga Garet Beyl, Rafael Varan kabi futbolchilarda jarohat borligini inobatga olsak, «Sevilya» omadli yakundan umid qilsa bo‘lar, balki.
«Sevilya» Chempionlar Ligasida keyingi bosqichga chiqdi, La Ligada qatorasiga 3 o‘yindan beri g‘alaba qozondi va ochkolar bo‘yicha «Real»ga yetib ham oldi. Bu mavsumda kuchli to‘rtlik uchun Ispaniyada ham birato‘la 5 jamoa haqiqiy da'vogarlik qilayotganini e'tiborga olsak, har bir ochko uchun keskin bahs kutishga haqqimiz bor, albatta.
YuVeNTUS – INTeR (9 dekabrdan 10 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
A Seriyada uzoq vaqt «Napoli» 1-o‘rinda borgan paytda, «Yuventus» ustozi Allegri ko‘proq «Inter»dan cho‘chiyotganini yashirmagandi. Rostan ham, tarkibdagi muvozanat, himoyaning barqarorligi va natija uchun pragmatik o‘ynay olish salohiyati bo‘yicha «Inter» salobatliroq ko‘rinadi.
O‘tgan hafta «Yuventus» A Seriya peshqadami, o‘sha o‘yingacha mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan «Napoli»ni mag‘lubiyatga uchratdi. Bu natija «Inter»ni 1-o‘ringa olib chiqdi. Chempionlik kurashida favoritga aylanish uchun turinliklar xuddi o‘sha vazifani yana bir marta amalga oshirishlariga to‘g‘ri keladi.
«Inter» ham 15 uchrashuvda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. «Yuventus» milanliklarni mag‘lubiyatga uchratish orqali, hech bo‘lmasa, bir kunga A Seriya peshqadami bo‘lib olishi mumkin. Birinchi o‘ringa chiqib olgan «Yuventus»ni u yerdan qaytarib tushirib yuborish qanchalik qiyin bo‘lishini «Inter»dan yaxshiroq biladigan jamoa bo‘lmasa kerak.
Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi 17 o‘yinning 9tasida «Yuventus»ning qo‘li baland kelgan, 3 o‘yinda «Inter» g‘alaba qozongan.
SPARTAK – TsSKA (10 dekabr, 18:30)
Har ikki jamoa Yevropa Chempionlar Ligasining so‘nggi turigacha keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat saqlab turdi va har ikki jamoa Angliya jamoalariga qarshi safarda to‘p surib, mag‘lubiyatga uchradi. Har ikki jamoa endi kurashni Yevropa Ligasida davom ettiradi.
Shuningdek, har ikki jamoa Rossiya chempionatida g‘oliblikdan umid uzgani yo‘q va Moskvaning yana bir jamoasi «Lokomotiv»ni ta'qib qilib bormoqda. Ayniqsa, «Spartak»ning so‘nggi turlardagi natijalari tahsinga sazovor. Jamoa avgustdan buyon ichki chempionatda mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Bu orada «Zenit» ham chiroyli tarzda mag‘lubiyatga uchratildi.
Xullas, Rossiyaning eng muhim derbisi ham aynan mana shu haftaga mo‘ljallangan. Bu o‘yindan so‘ng rus jamoalari fevralgacha tanaffusga chiqib ketishlarini inobatga olsak, jamoalar imkon qadar yaxshiroq kayfiyat va ochkolar bilan yilni tugatishni maqsad qilishlari shubhasiz.
LIVeRPUL – EVeRTON (10 dekabr, 19:15)
Klopp shogirdlari so‘nggi o‘yinlarni nihoyatda hujumkor o‘tkazmoqdalar. APLdagi so‘nggi olti o‘yinning beshtasi yirik hisobdagi g‘alaba bilan yakunlandi. YeChLda «Spartak» darvozasiga 7 gol ham «Liverpul»ning bugungi kundagi ajoyib sport formasidan darakdir.
O‘z navbatida «Everton» ham o‘ziga kela boshladi va so‘nggi ikki o‘yinda umumiy 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. Sem Ellardays jamoa o‘yiniga o‘z imzosini qo‘ya boshlaganini payqash mumkin va tez kunlarda biz bilgan kurashuvchan «Everton»ni ko‘rsak kerak.
Shu o‘rinda, mehmonlarning 2011 yildan buyon «Enfild»da ochko olmayotganini, umuman derbilardagi «Everton»ning so‘nggi g‘alabasi 14 o‘yin avval yuz berganini alohida e'tirof etish kerak.
MANCheSTeR YuNAYTeD - MANCheSTeR SITI (10 dekabr, 21:30)
Italiya chempionatida grandlari xafa bo‘lishmasin-u, bu haftadagi Yevropaning eng markaziy o‘yini Manchester derbisidir. Mezbonlar hozirda qo‘shnilaridan 8 ochko ortda qolmoqda va faqat g‘alaba qozonish orqali Mourino Angliya Premer Ligasiga intrigani qaytarishi mumkin.
O‘tgan yili «Old Trafford»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda «Siti» 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘sha o‘yindan buyon «Manchester Yunayted» bu stadionda 40 o‘yin o‘tkazdi va birorta ham mag‘lubiyatga uchramay, klub rekordini qayd etdi. Aynan «Siti» bilan o‘zaro o‘yinlarda ham Mourino pallani o‘z tomoniga og‘dira oldi. Angliya Liga kubogi uchrashuvida 1:0 hisobida g‘alaba, keyin «Ittihod»dagi o‘yinda 0:0 hisobida durang, yozda AQSh tashkil qilingan o‘rtoqlik o‘yinida esa, «iblislar» 2:0 hisobida ustun kelgandi.
O‘z navbatida «Manchester Siti» ham ajoyib rekord bo‘sag‘asida turibdi. Qatorasiga 13 APL o‘yinida g‘alaba qozongan Gvardiola shogirdlari 14-g‘alaba bilan mutlaq rekord sohibi bo‘ladi.
Yana bir qiziq fakt, «Yunayted» ushbu mavsumda o‘z maydonida 100 foizlik natija qayd etmoqda, «Manchester Siti» esa, aksincha, safar o‘yinlarida hali ochko yo‘qotgani yo‘q. Demak bu seriyalardan ham qaysidir biri yakshanba kuni poyoniga yetadi.
Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, «Yunayted» yetakchisi Pol Pogba diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Erik Bayi ham tiklanib ulgurgani yo‘q. Mehmonlar safida esa, David Silvaning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi.
Hafta o‘rtasidagi YeChL o‘yinida «Yunayted» ortiqcha urinmay TsSKA ustidan o‘z maydonida g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Manchester Siti» bir kun keyin, safarda, Ukrainada to‘p surishiga to‘g‘ri keldi. Bu o‘yinda Gvardiola tarkibda bir qator o‘zgarishlar qilgan bo‘lsa-da, deyarli asosiy tarkib Ukrainaga bordi, bu ham derbi o‘yinida «Manchester Siti»ga xalaqit berishi mumkin.
VILYaReAL – BARSeLONA (10 dekabrdan 11 dekabrga o‘tar kechasi, 00:45)
Kataloniyaliklar uchun eng qiyin safar o‘yinlaridan biri bo‘lishi mumkin. «Vilyareal» hozirda 21 ochko to‘plab, kuchli to‘rtlikdan 7 ochko ortda qolayotgan bo‘lsa-da, ayniqsa, o‘z maydonida har qanday raqibga qarshilik qila olishi barchaga ma'lumdir. Jamoaning La Ligada uch o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmayotgani qo‘shimcha motivatsiyaga sabab bo‘ladi.
«Barselona» o‘yinida sezilarli pasayish kuzatilayotganini payqash mumkin – jamoa La Ligada qatorasiga ikki o‘yinda durang o‘ynadi. Kataloniyaliklar baxtiga, yaqin ta'qibchi bo‘lmish «Valensiya» ham, Madrid klubi ham yo‘qotishlarga uchragani uchun, Valverde shogirdlari peshqadamlikni ishonch bilan saqlab turibdi.
«Vilyareal» 15 o‘yindan buyon «Barselona» ustidan g‘alaba qozonmay kelyapti, ammo jamoa o‘z maydonidagi so‘nggi ikki o‘yinda «Barselona»ga yutqazmaganini ham unutmaslik lozim. «Barselona»ning keyingi safarlari «Real» va «Selta» maydoniga, ketma-ket yuz beradi, shu jihatdan bu o‘yinda imkon qadar uch ochko olish juda muhimdir. Shuningdek, Chempionlar Ligasida guruhdan chiqa olmay, bor e'tiborini Ispaniya chempionatiga qaratishi kutilayotgan «Atletiko» jiddiy ravishda ta'qibni boshlaganini hisobga olish lozim.
Boshqa O‘YINLAR
9 dekabr. Ayntraxt – BAVARIYa (19:30), TOTTeNHEM – Stok Siti (20:00), PSJ – Lill (21:00), VALeNSIYa – Selta (24:45)
10 dekabr. Kevo – ROMA (16:30), Sauthempton – ARSeNAL (17:00), NAPOLI – Fiorentina (19:00), Betis – ATLeTIKO (20:15)
Mavzuga oid
15:13 / 05.10.2024
«Real» noqulay raqibga qarshi, ten Hagning taqdiri tikilgan o‘yin, Bundesligada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi
18:27 / 15.09.2023
«Bavariya» peshqadamga qarshi, Milanda derbi, «MYu» va «Real» uchun jiddiy sinov
18:09 / 03.06.2023
Manchester derbisida 2-sovrin uchun kurash, Messida xayrlashuv, «Spetsiya»ning taqdiri «Roma»ning qo‘lida. Hafta o‘yinlari anonsi
19:24 / 05.04.2022