O‘zbekiston | 19:40 / 11.12.2017
43131
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 11 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida Turkiya tomonining tashabbusi bilan telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot avvalida Turkiya prezidenti O‘zbekiston rahbarini mamlakatda tarkibiy o‘zgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha qo‘lga kiritilgan amaliy natijalar bilan samimiy muborakbod etdi.

O‘z navbatida O‘zbekiston prezidenti mamlakatda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida barqaror va yuksak taraqqiyotni ta'minlashga qaratilgan siyosatni yuqori baholagani uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. 

Muloqotda davlat rahbarlari joriy yil oktabr oyida Turkiya Respublikasiga oliy darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish muhimligini alohida ta'kidladi. 

Savdo-iqtisodiy, texnologik, moliya-sarmoyaviy, transport, turizm va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish borasida o‘zaro samarali aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi. 

Prezidentlar, shuningdek, Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari sammiti kun tartibidagi masalalar, jumladan, mintaqaviy va xalqaro siyosatning boshqa dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashishgan.

Mavzuga oid