Jamiyat | 18:10 / 14.12.2017
26973
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 700 kishi imzolagan murojaatni anonim deb topdi

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova tomonidan imzolangan xatga ko‘ra, Prezident virtual qabulxonasiga 700 dan ortiq o‘zbek ziyolilari imzo quygan murojaatni «anonim» deb topib, uni ko‘rmasdan qoldirishini ma'lum qilgan.

Prezidentga murojaatda yuzlab ijodkorlar, yozuvchilar, shoirlar va jurnalistlar tibbiy yordamga muhtoj ikki nafar bemor shoira — Baxtiniso Mahmudova hamda Iroda Umarovaga yordam ko‘rsatishni so‘rashgan va «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida imzo to‘plangan.

«Aziz do‘stlar! Xabaringiz bor, shoira singillarimiz Baxtiniso Mahmudova hamda Iroda Umarovaning sog‘ligi borasida muhtaram Prezidentimizga murojaat qilgan edik», — deb yozadi ijodkor Alisher Nazar «Feysbuk»dagi o‘z sahifasida.

«Murojaatnoma» 700ga yaqin imzo bilan Portalga jo‘natildi va bunga tegishli munosabat ham bildirildi. Ya'ni, har ikkala bemor ijodkorning o‘zi haqida ma'lumot, shu paytgacha erishgan yutuqlari va nashr etilgan kitoblari aytilgan manzilga yetkazildi.

Biroq oradan 2-3 hafta o‘tib, Portaldan ushbu javobni oldik va hayratdan yoqa ushlab qoldik.

Axir yetti yuzga yaqin imzo bilan borgan xat anonim bo‘ladimi? Hech bo‘lmasa, imzo chekkan ism-shariflarga qaralmaydimi? Yuzlab ijodkorlar, yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar... shuncha odam to‘planib anonim xat yozadimi?

«Murojaatnoma»ning matnida bu qizlarning qayerda, qachon tug‘ilgani, erishgan yutuqlari haqida yozib qo‘yilgan, bog‘lanish uchun telefon ham berilgan-ku?! Nahotki, birrov o‘qib chiqish shuncha qiyin bo‘lsa?! Xullas, tushunmadik!» — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid