O‘zbekiston | 10:53 / 23.12.2017
7191
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqaro muhofazasi instituti huzurida idoralararo kengash tashkil etildi

Foto: Norma.uz

Vazirlar Mahkamasining 15.12.2017 yildagi 985-son «O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi instituti huzurida Aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasi sohasidagi ilmiy ishlarni rivojlantirish bo‘yicha idoralararo kengashni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Ma'lumot uchun: hujjat Prezidentning “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 2 iyundagi PQ–3030-son qarorining ijrosi yuzasidan qabul qilingan.

Fuqaro muhofazasi instituti huzurida Aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasi sohasidagi ilmiy ishlarni rivojlantirish bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etildi.

Uning asosiy vazifalari: 

• favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi vazirliklar va idoralarga aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasi sohasida ilmiy ishlarni tashkil etish va amalga oshirishda ko‘maklashish;
• favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish hamda fuqaro muhofazasi tizimlari faoliyati samaradorligini oshirishga doir ilmiy-texnik dasturlar ishlab chiqilishini tashkil etish va ularning bajarilishini muvofiqlashtirish;
• aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari natijalarini amaliyotga tatbiq etilishini ta'minlash.

Idoralararo kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi. Qaror bilan uning shaxsiy tarkibi va nizomi tasdiqlandi. Asosiy vazifalaridan kelib chiqqan holda nizomda Idoralararo kengashning tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha asosiy funksiyalari, shuningdek, huquq va majburiyatlari, uning faoliyatini tashkil etish masalalari, rahbarlarining asosiy funksional vazifalari mustahkamlangan.

Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi vazirliklar va idoralar hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarning yetakchi olimlari va mutaxassislari kengash tarkibiga kiritiladi. Idoralararo kengash ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan ilmiy-tadqiqot natijalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun boshqa vazirliklar va idoralar mutaxassislarini jalb etishi mumkin.

Idoralararo kengash o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va majlislarini zaruratga ko‘ra, ammo har yilda kamida 1 marta o‘tkazadi. Kengashning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘ladi.

FVVning Aholi va hududlarni muhofaza qilish sohasida fan va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘limi Idoralararo kengashning ishchi organi  sifatida belgilangan, uning funksiyalari ham nizomda mustahkamlangan. Ko‘rsatilgan bo‘limning boshlig‘i Idoralararo kengashning kotibi hisoblanadi. 

Hujjat 18.12.2017 yildan kuchga kirdi.   

Mavzuga oid