O‘zbekiston | 23:29 / 28.12.2017
84602
3 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura: Sergelidagi yangi uylarni topshirishda qonunbuzarliklar aniqlandi

Foto: O‘zA

Sergelidagi kam ta'minlangan oilalar uchun mo‘ljallangan ko‘p qavatli arzon uylarni taqsimlashda qonunbuzarliklar aniqlangan. Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy vakili Bobir Dehqonov Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida KUN.UZ muxbiri so‘roviga shunday javob berdi. 

“Toshkent shahar prokuraturasi organlari tomonidan Sergeli tumanida kam ta'minlangan oilalarga yangi qurilgan xonadonlarni topshirishning noqonuniyligini xususidagi faktlarni o‘rgandi. Mazkur jarayon keng qamrovli bo‘lib, ko‘p mutaxassislar, malakali xodimlar jalb qilindi va atroflicha o‘rganildi. O‘rganish vaqtida qator qonunbuzarliklar aniqlandi. 

Jumladan uy-joyga muhtoj bo‘lmagan oilalarga uy-joylar berilgani, komissiya hujjatlarini soxtalashtirish, kadastr xizmatlari tomonidan soxta hujjatlar taqdim qilish, yosh oilalardan muhtoj bo‘lmaganlarga uy ajratish holatlariga duch kelingan. Shuningdek, juda ko‘plab fuqarolar hokimiyat idoralariga murojaat qilishgan uy-joy masalasida. Ularning barchasi prokuratura idoralari tomonidan o‘rganib chiqildi. Mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqishda ham hokimiyat idoralari fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilik me'yorlarini buzganligi aniqlandi. 

Bobir Dehqonov. Foto: KUN.UZ

Ushbu uy-joylarni berish tartib qoidalari bo‘yicha, maxsus komissiya murojaat qiluvchining arizasini o‘rganadi, ana shu tartiblar ham buzilgani ma'lum bo‘ldi. Uy-joylarni yetarli asoslarsiz fuqarolarga berish holatlari aniqlandi. Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zlari ham hujjatlarni topshirishda ish joyi, maoshiga doir ma'lumotlarni soxtalashtirganligi yuzaga chiqqan. 

Yuqoridagilarning barchasi bilan bog‘liq holatlar chuqur tahlil qilinib, 11 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ayni ushbu ishlar bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (xizmat mansabini suiiste'mol qilish), 207-moddasi (xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash), 209-moddasi (xizmat soxtakorligi) va 144-moddasi (yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini qabul qilishda qonun talablarining buzilishi holatlari) bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda”, - dedi Bobir Dehqonov.  

Mavzuga oid