"O‘zbekkonsert" 2017 yil bo‘yicha sarhisob anjumanini o‘tkazdi
9 yanvar kuni Milliy matbuot markazida "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda tashkilot vakillari, jurnalistlar bilan bir qatorda ko‘plab san'atkorlar, jumladan, G‘ulomjon Ahmedov, Ilhom Farmonov, Abdurashid Yo‘ldoshev, Abduhoshim Ismoilov, Azim Mullaxonov, Maxmud Namozov va boshqalar ham ishtirok etishdi.
Anjumanda muassasa rahbari Odiljon Abduqahhorov 2017 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va yangi yilda qilinadigan loyihalar, rejalar haqida hisobot berdi. Bu haqda tadbirda qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar beradi.
Ma'lum bo‘lishicha, 2017 yil yakunida "O‘zbekkonsert" 2605 nafar jismoniy shaxslarga, 23 nafar ijodiy jamoa-yuridik shaxslarga maxsus ruxsatnoma, litsenziyalar rasmiylashtirilgan.
Shulardan, 824 nafari xonanda, 29 nafari so‘z ustasi, 174 boshlovchi, 284 sozanda, 287 nafar raqqosa va raqqoslar va boshqa san'at vakillarini tashkil etadi.
O‘tgan yilda konsertlarni tashkil etish bo‘yicha ekspert kommissiyasi 610ta konsert tadbirini o‘tkazish uchun ruxsatnoma taqdim etgan. 28ta murojaat esa kamchiliklar mavjudligi, ssenariyning sayozligi uchun bekor qilingan.
2017 yil yakunida bir qator estrada xonandalarining litsenziyasi ularning arizasiga ko‘ra tugatildi hamda ayrimlari ogohlantirildi. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Sodiqov, “Nihol” mukofoti sohiblari Shahnoza Otaboyeva, Bunyodbek Saidov, Dilmurod Sultonov, Sharof Muqimov, xonandalar Xadicha Qurbonova, Sherali Bekmurodov, Aziza Niyozmetovaning litsenziyasi to‘xtatildi. Muassasa tomonidan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva, xonandalar Munisa Rizayeva, Shohjahon Jo‘rayev, Shaxriyor Argonov, "Benom" guruhi a'zolari Komil Fozilov, Sarvar Azimovga ogohlantirish berildi.