O‘zbekiston | 23:00 / 21.01.2018
43203
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyatida yana bitta tuman hokimi o‘zgardi

Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Tojimurod Mamarayimov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e'lon qilingan ma'lumotga tayanib xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida Xalq deputatlari Qiziriq tumani Kengashining navbatdan tashqari 31-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Prezident ijro apparati boshlig‘i, prezident maslahatchisi Zaynilobiddin Nizomiddinov va Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, shuningdek, Xalq deputatlari Qiziriq tuman Kengashi a'zolari ishtirok etgan.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 102-moddasi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning 2, 24-moddasiga asosan viloyat hokimining Qiziriq tumani hokimi Tojimurod Mamarayimovni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarori muhokama qilinib, tuman deputatlar Kengashi tomonidan ma'qullangan.

Ushbu sessiya yig‘ilishida Qiziriq tumani hokimi lavozimiga Alisher Norqobilov nomzodi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid