O‘zbekiston | 14:31 / 22.01.2018
36085
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonlik yoshlar tahsil olish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishdi

Foto: O‘zA

Joriy yilning 21 yanvar kuni 100 nafarga yaqin afg‘onistonlik yoshlar Termiz xalqaro aeroportida kutib olindi. Ular O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Afg‘on fuqarolarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazida tahsil olish uchun tashrif buyurishdi.

Afg‘onistonlik yoshlar mazkur markazda ikki yil davomida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida pedagogik tahsil olishadi. Shundan so‘ng o‘z yurtlariga qaytib, sohalari bo‘yicha afg‘on o‘quvchilariga dars berishadi. Markazda dastlabki bosqichda o‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat ta'lim yo‘nalishida 97 nafar talaba, shu jumladan, 86 nafar o‘g‘il bola va 11 nafar qiz bolani o‘qitish nazarda tutilgan.

Foto: O‘zA

Ushbu talabalarga mashg‘ulotlar olib borish uchun Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti hamda Termiz davlat universitetidan professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Bundan tashqari, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidan malakali professor-o‘qituvchilar jalb etilishi ham rejalashtirilgan.

Afg‘on fuqarolarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazi Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi Yangiariq qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejining binolari o‘rniga tashkil etilgan. Binolar kapital rekonstruksiya qilingan bo‘lib, Markazning samarali faoliyat yuritishi hamda talabalarning bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Markazda 750 o‘rinli o‘quv binosi, 180 o‘rinli faollar zali, Axborot-resurs markazi, 100 o‘rinli oshxona, sport zal hamda hududdagi stadion va sport maydonchalari, 110 talabalar turar-joyi mavjud bo‘lib, ular zamonaviy ko‘rinishda jihozlangan. Ushbu ishlar uchun 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan.

Mavzuga oid