O‘zbekiston | 18:50 / 22.01.2018
29629
16 daqiqa o‘qiladi

Bo‘lajak professor bilan suhbat: Korrupsiya, innovatsiya va siyosiy iqtisod haqida

Bugungi qahramonimiz Bahrom Rajabov bilan yangi 2018 yil - «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» haqida, shuningdek, islohotlar davrini boshdan kechirayotgan O‘zbekiston uchun innovatsion jarayonlarning ahamiyati haqida suhbat qurishga qaror qildik. Shuningdek, siz intervyu davomida xalqaro tadqiqotlar bo‘yicha mutaxassis, bo‘lajak fan doktorining ilg‘or g‘oyalari, mulohazalari bilan ham yaqinroq tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Tanishing: Bahrom Rajabov

Qaysi oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan:

Bakalavr bosqichi: Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti (2003 – 2009)

Magistratura: Germaniyaning Kassel universiteti, DAAD granti sohibi

Magistratura:  Yaponiyaning Tsukuba universiteti Xalqaro tadqiqotlar yo‘nalishi

Hozirda Yaponiya hukumati granti asosida Tsukuba universitetida doktorantura bosqichida tahsil olmoqda. Shuningdek, Bilig Brains analitik tarmoq eksperti (Qozog‘iston), RedPen elektron nashr kolumnisti (O‘zbekiston).

Asosiy faoliyati: Innovatsiyalar, xalqaro iqtisodiy rivojlanish, migratsiya va rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy va nazariy faoliyat.

— Siyosiy iqtisod nima? Bu qanday fan? Lo‘nda qilib tushuntirsangiz? Chunki ko‘p o‘quvchilarimizga bu tushuncha notanish.

Siyosiy iqtisod odatda interdistsiplinar, ya'ni ijtimoiy fanlarning bir nechta jabhalarini qamrab oladigan alohida yo‘nalishdir. Masalan, iqtisodiyot, siyosat, huquq, tarix, sotsiologiya va boshqa fanlarga asoslanib iqtisodiy yechimlarni belgilashda siyosiy omillarning muhim rolini o‘rganadi va tushuntiradi.

Men uchun, siyosiy iqtisod - bu iqtisodiyot va siyosat simbiozi. Amaliyotda iqtisod va siyosat ketma-ket emas, yonma-yon «yurishadi». Jamiyatda iqtisodiy qarorlar, nafaqat iqtisodiy zaruriyat va logika, balki, aslida siyosiy asoslarga ham ega bo‘ladi. Siyosiy iqtisod jamiyatda yuzaga keladigan siyosiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni kompleks ravishda o‘rganishga kerakli ilmiy instrumentlarni taqdim etadi.

— O‘zbekiston Prezidenti korrupsiya borasida keskin fikrlarini bildirmoqda? Ushbu illatni yo‘q qilish uchun nimalarni amalga oshirish kerak, deb o‘ylaysiz?

Korrupsiya, mening fikrimcha, ko‘pgina ko‘rinishlarga ega va turli ijtimoiy va iqtisodiy sektorlarda yuzaga kelishi mumkin. Men mutaxassis emasman. Shuning uchun, korrupsiya haqida ushbu yo‘nalishda ishlayotgan yoxud izlanayotgan mutaxassislar fikr bildirsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Lekin shunga qaramay, savolingizga javob berishga harakat qilaman.

Korrupsiyani mutlaqo yo‘q qilib bo‘lmaydi. Men bilgan hech bir mamlakatda bu masala yuz foizga yechilmagan. Shuning uchun, fikrimcha, savolni bir oz boshqacha qo‘yish kerak. Qanday qilib korrupsiya darajasini keskin tushirish mumkin? Korrupsiya odatiy hol emas, balki jamiyat qabul qilmaydigan, o‘ta kam uchraydigan holat bo‘lib, korruptsioner qonun bo‘yicha javob bersin. Jahon yangiliklarini kuzatib borsangiz, goh u davlatda, goh bu davlatda korruptsioner qo‘lga tushganini ko‘rasiz. Ularga turli davlatlarda jazolar ham har xil belgilanadi.

Xo‘sh, korrupsiya darajasini keskin tushirish uchun nimalarni qilish kerak? Bu yerda beshta asosiy aspektni keltirishim mumkin:

1) Korrupsiyaga qarshi tizimli yondashish. Bu yerda nafaqat korruptsionerlarga jazo muqarrarligini ta'minlash, balki korrupsiyaga sabab bo‘layotgan tizimni isloh qilish nazarda tutiladi. Masalan, agar davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiya kuzatilsa, demak ushbu xizmatlarni soddalashtirish, elektron tartibda taqdim etish, ularning transparentligini ta'minlash, bir insonga (xoh boshliq, xoh oddiy xizmatchi bo‘lsin) qaror chiqarish yoki chiqarmaslik xuquqini bermaslik va hokazo.

2) Sudlarni mustaqil, oshkora, qonun doirasida ishlashini ta'minlash. Agar oddiy fuqaro sudda adolat topmasa, uning huquqlari poymol qilinadigan bo‘lsa, tizimli xato yuzaga keladi. Umuman olganda, huquq-tartibot organlari, prokuratura va boshqalar adolat va qonun doirasida ish ko‘rishlari darkor.

3) Bularni ta'minlash va korrupsiyaga qarshi samarali kurashish uchun yana bitta omil - bu erkin va kuchli fuqarolik jamiyati. Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini, majburiyatlarini bilmasalar, ular talab qilish mexanizmlariga ega bo‘lmasalar davlat va nodavlat institutlarni korrupsiyaga qarshi ruhda ishlatish qiyin menimcha. Shu bilan birga, mustaqil OAV roli ham juda muhim.

4) Muvozanatni saqlaydigan tizim yaratilishi va muvaffaqiyatli ishlashi kerak. Shu yerda hayotimdan bitta misol keltirmoqchiman. Men biron bir muhim qaror qabul qilmoqchi bo‘lsam bir nechta o‘zim ishongan insonlar bilan maslahatlashaman. Ularga murojaat qilishimdan maqsad, o‘z fikrimga tasdiq topish emas, balki ularning fikrini tinglashdir. Ular menga samimiy, kerak bo‘lsa, tanqidiy fikr bildirishadi. Yakuniy qaror qabul qilishda men ba'zida o‘zimni fikrimda qolsam, ba'zida ular aytganidek qilaman. Murosa topishga xarakat qilaman. Shunga aminmanki, hech kimga quloq solmasam, hech kimdan maslahat so‘ramasam yaxshi natijalarga erisha olmasdim. Bu misol bilan men tanqidga ochiq bo‘lish kerak demoqchiman. Shu bilan birga, tanqiddan tashqari faqatgina o‘z fikriga tayangan holda qaror chiqarish, ya'ni hech qanday muvozanatga ega bo‘lmagan holda ish yuritish amaliyoti korrupsiyaga olib kelishi tayin. Demak, o‘z-o‘zidan ma'lumki, hokimiyatning uch bo‘g‘ini (Ijro, Sud va Qonunchilik) muvozanatni saqlasalar va fuqarolarning institutlar ustidan nazorati bo‘lsa, korrupsiyaga imkoniyatlar keskin kamayishi mumkin. Bu yerda nepotizm, taniish-bilish, mahalliychilik va boshqa illatlar yo‘q bo‘lishi asta-sekin boshlanadi.

5) Iqtisodiy rag‘batlar albatta, mavjud bo‘lishlari shart, menimcha. Ushbu stimullar korrupsiya orqali qo‘shimcha daromad olish istagini mutlaq yo‘qotadi. Iqtisodiy deganimda, faqatgina katta maoshni nazarda tutmayapman. Masalan, AQShda sizni tezlikni oshirganingiz uchun politsiya xodimi to‘xtatsa, jarimadan qutilish uchun unga pora berib qocha olasizmi? Albatta! Faqat pora 1 yoki 2 million dollar bo‘lishi kerak. Nima uchun? Chunki politsiyachi yaxshi xizmati uchun qator preferensiyalarga yega. Masalan, kreditga uy, avtomashina, maishiy texnika va boshqalarni olishi mumkin, nafaqasi yuqori bo‘lishi mumkin. Demak, u sidqidildan xizmat qilishga harakat qiladi. Bunday misollar ko‘p.

Tarbiyaviy aspekt

Bir do‘stim menga «Bahrom, o‘z joyimizda ishimizni talab darajasida bajarsak, shuning o‘zi kifoya, deb aytgandi». Men bu fikrga qo‘shilaman. Bizdan qahramonlik talab etilmaydi (har doim ham emas), faqatgina chin dildan ishlash kerak. Bolalarni chaqaloqligidan korrupsiyaga qarshi ruhda tarbiyalash darkor. Bir tomondan korrupsiyaga yo‘l ochmasdan tizimli ish yuritilsa, ikkinchi tomondan tarbiyaviy ishlar tadbiq etilishi darkor. Insoniy prinsiplar, masalan, birovning haqini olmaslik, o‘g‘rilik qilmaslik, aldamaslik va boshqa xalqimizga xos amallardir. Endi tanish-bilishchilik, mahalliychilik va boshqa illatlardan voz kechish kerak.

Shuni tushunish kerakki, agar inson hozir korrupsiyaga aralashib o‘z ishini bitirib olsa, juda qisqa fursat ichida o‘zi uchun «ijobiy natija»ga erishishi mumkin, lekin bu natija jamiyat va aslida o‘zi uchun ham uzoq muddatgacha salbiy oqibatlarni olib keladi. Chunki «bumerang effekti», albatta, ishlaydi. Qilmish-qidirmish.

— 2018 yil innovatsion g‘oyalar yili deb e'lon qilindi. Kelayotgan yangi yilda mazkur yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha fikrlaringiz so‘ralsa, nimalarni taklif qilardingiz?

1. Makroekonomik sharoitlar innovatsiya o‘sishiga ta'sir ko‘rsatadi. Xalqaro ixtisoslashuv maqsadida sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan rivojlangan moliya bozorlari, ta'lim tizimi, shuningdek, milliy institutlar. 

2. Faqatgina R&D (Tadqiqot va rivojlanish) tushunchasini emas, balki ta'lim imkoniyatlarini uzoq muddatni ko‘ra oladigan qaror qabul qiluvchi shaxslarni qamrab olgan innovatsion jarayonlarni kengroq tushunish. Innovatsiyaning asosiy manbai kuch, sadoqat, ishonchning noan'anaviy elementlarini o‘z ichiga olgan ishlab chiqarish, sotish, texnologik rivojlanish o‘rtasida hosil bo‘luvchi interfaol ta'lim.

3. Tarixiy jarayonlar turli xil ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar hamda rivojlanishning turli yo‘nalishlarini bildiradi. Institutsional evolyutsiya mahalliy xususiyatlarga ega o‘ziga xos innovatsion tizimni yaratadi. Ushbu tushuncha muayyan kontekstda ekanligini tushunish ijrochilarning ahamiyati va o‘ziga xosligini, shuningdek, munosabatlar turi, sifati hamda keng ma'noda institutlarning rolini ham anglashni tasdiqlaydi.

4. Innovatsiya ushbu institutlarga ishonchni talab qiladi. Ishonch darajasi ta'lim/idrok darajasini aniqlab beradi. Yuridik va rasmiy shartnomalarga qo‘shimcha ravishda, ishonchga ijtimoiy birlik, hamjihatlik, ta'lim va o‘qitish imkoniyatlari, mehnat bozori va korporativ kelishuvlar, arbitaj va hokazolar ta'sir ko‘rsatadi. 

— O‘zbekiston jadal rivojlanish jarayonini boshdan kechirmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, bizning mamlakatimiz ham boshqa rivojlangan davlatlar bosib o‘tgan yo‘ldan yurishi kerakmi? Yoki rivojlanish bosqichiga birdan o‘tish imkoni bormi?

Bu juda murakkab savol. Rivojlanish bu nima? Nobel laureati Amartya Sen iqtisodiy rivojlanishdan tashqari, kengroq ma'noda «rivojlanish» terminiga yana bir qator omillarni qo‘shgan. O‘zining «Development as Freedom» asarida A. Sen rivojlanish bu nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki insonning huquq va erkinliklari ta'minlanishi, tanlash imkoniyati mavjudligi, shuningdek, toza ichimlik suvi, sifatli tibbiyot xizmatlari va hokazolar bilan ta'minlanishni sanab o‘tgan. Hozirgi paytda Butunjahon iqtisodiy forumida ham taniqli iqtisodchilar tomonidan ham shu tan olindiki, ichki yalpi mahsulot o‘sishigina rivojlanishni anglatmaydi. Shu jumladan, nazarimda O‘zbekiston boshqa taraqqiy etgan demokratik davlatlarning rivojlanish yo‘lini tanlagan. Bu yo‘lni bosib o‘tish kerak.

Bozor iqtisodiyotning o‘z qonunlari mavjud. Ular barcha mamlakatlarda bir xil ishlaydi. Ushbu qonuniyatlarni yodda tutgan holda biz o‘zimizning rivojlanish modelimizni shakllantirishimiz mumkin, albatta. Ammo bozor iqtisodiyotini barpo etmoqchi ekanmiz, bozor qonuniyati ustuvor bo‘lishi darkor. Qolaversa, O‘zbekiston jahon hamjamiyatining a'zosi. Agar biz sheriklar, xalqaro tashkilotlar, investorlar bilan «bitta tilda» gaplashmoqchi bo‘lsak, vatanimizni rivojlantirmoqchi bo‘lsak, rivojlanish strategiyamizni jahon trendlariga moslashtirishimiz talab etiladi. Yetakchi bo‘lish uchun esa biz ertangi kunni emas, balki yana ham uzoqroqni ko‘ra olishimiz shart. 

Biz rivojlanish trayektoriyasining qayerida ekanligimizni hisob-kitob va tahlil asosida aniq tushunib olishimiz, rivojlanishning aniq maqsadlarini qo‘yib, ularga qachon va qaysi resurslar orqali yetishishimiz mumkinligini anglashimiz kerak. Boshqa davlatlar va tashkilotlar bilan sherikchilik ham shu asosda amalga oshiriladi. Albatta, bizda o‘zimizning rivojlanish tajribamiz to‘plangan va to‘planmoqda. Bu tajribani ehtiroslarga berilmasdan ilmiy yondashib, xatolarimizdan o‘rnak olib, olg‘a yurishimiz kerak. Jahon tajribasini yaxshi bilib, uni tushunib, bizning sharoitda nimalarni amalga oshirish mumkin bo‘lsa, qo‘llashimiz kerak. Qaysidir islohatlar tezroq, ayrimlari sekinroq amalga oshishi mumkin. Eng yuqori jahon standartlarini qo‘llab, o‘z bilim va imkoniyatlarimizga tayanib, muvaffaqiyatga erishish mumkin, deb hisoblayman. Qanchadan-qancha xalqlar taraqqiyot yo‘lida yuksak natijalar ko‘rsatib rivojlanib ketdi. Nima uchun biz bu ishni uddalay olmaymiz? Albatta, uddalaymiz!

— Hozirgi kunda tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish jamiyat hayotida qanday muhim rol o‘ynaydi? Bu yo‘nalishda Yaponiya yoki boshqa rivojlangan mamlakatlarning tajribasi qanday?

Ijtimoiy tadbirkorlik jamiyatda muhim rol o‘ynashi mumkin. Globalizatsiya davrida dunyoda juda ko‘p lokal va global muammolar mavjud. Ochlik, qashshoqlik, tibbiy xizmatning ayrim mamlakatlarda yetishmasligi, ta'lim sohasidagi talaygina muammolar, iqlim o‘zgarishi, ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik va boshqalar. Kapitalistik tizimda bozor iqtisodiyoti har doim ham bu muammolarni yechishda qo‘l kelavermaydi. Ba'zan aynan kapitalistik tizim mavjud muammolarning negizida yotganligi ko‘plab olimlar va amaliyotchilar tomonidan ta'kidlanadi. Hozirgi vaqtda ijtimoiy innovatsiyalar va ijtimoiy tadbirkorlik insoniyat oldida turgan muammolarni yechishda ayni muddao bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Ilmiy tarafdan yetarlicha o‘rganilmagan, lekin intensiv ravishda amaliyotda qo‘llanilayotgan ijtimoiy tadbirkorlik yondashuvlari ko‘pgina mamlakatlarda o‘z aksini topgan. Masalan, mashhurlardan biri Gramin Bank va Bangladeshda kam ta'minlanganlarga ajratiladigan mikrokreditlar g‘oyasi. Ijtimoiy tadbirkorlik asosida tashkil etilgan Gramin Bank asoschisi Muhammad Yunus 2006 yilda Nobel mukofoti laureati bo‘ldi. Yana bir misol, Braziliyaning bir shtatida fuqarolar tomonidan shakllantirilgan byudjyet yana bir ijtimoiy innovatsiya bo‘ldi. Angliyada Vaqt Banki deb nomlangan veb saytda ko‘plab insonlar o‘z bo‘sh vaqtlarini behuda sarflamasdan ko‘ngilli sifatida muhtojlarga yordam berishmoqda. Isroilda imkoniyati cheklangan insonlar uchun ijtimoiy tashkilot ochilib, ularni ish bilan band etgan holda daromad olish manbai yaratib berilmoqda. Dunyo tajribasida bunday misollar talaygina.

Ijtimoiy-innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish uchun tegishli eko-tizimni yaratish zarur. Bu haqida batafsil o‘z maqolamda keltirib o‘tganman.

Blits-intervyu:

1. Hayotdagi shioringiz: Shiorlarim ko‘p. Shundan uchta eng muhimini sanayman:

Avval yeng, so‘ngra kurash! (Yapon falsafasidan)

Whatever you are, be a good one (Abraham Linkoln)

At least I have tried

2. Siz uchun eng ideal dam olish: Asosan faol sport turi, ya'ni suzish bilan shug‘ullanib, dam olishga harakat qilaman.

3. Sevimli asaringiz: Ularning soni ko‘p. Kitob o‘qishni yoqtiraman. 

4. Qaysi xorijiy davlatlarda bo‘lgansiz: Bolgariya, Germaniya, Avstriya, Fransiya, Italiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Chexiya, AQSh, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Isroil, Koreya Respublikasi, Turkiya va albatta Yaponiya.

5. Hayotdagi eng katta yutug‘ingiz: Oilam va sodiq do‘stlarim.

6. Yaqin o‘n yildagi asosiy maqsadlaringiz: Sherikchilikda qiziqarli loyihalar ustida bosh qotirmoqdamiz. Maqsadim – shu loyihani amalga oshirish. Ungacha esa doktorlik ishimni muvaffaqiyatli yoqlash.

Feruza Avazova suhbatlashdi

Mavzuga oid