Sport | 19:10 / 22.01.2018
12163
11 daqiqa o‘qiladi

«Mo‘'jiza bolakay»: Aleksis Sanches faoliyatiga nazar

Qishki transfer darichasi Aleksis Sanchesning «Manchester Yunayted»ga o‘tishi haqidagi xabarlardan tashkil topgan qanaqadir musiqa sadolari ostida o‘tyapti, deb bemalol aytish mumkin. Venger aytishicha ushbu transferning hal bo‘lishi uchun qolgan 48 soatning yarmi ham o‘tdi, biz esa kutishda davom etyapmiz. Bu jarayon bizni zeriktirib qo‘ymasligi uchun keling, chililik futbol yulduzining faoliyatiga yaqindan nazar tashlaymiz. Bizga bu borada UEFA.com yordam beradi. Saytda Aleksis Sanches bilan bog‘liq qiziqarli ma'lumotlar taqdim etildi.  

Sharaf sari yo‘l

Niño Maravilla – «mo‘'jiza bolakay» laqabli futbolchi «Udineze» 2006 yildayoq ko‘z ostiga olib qo‘ygandi, qahramonimiz u paytlarda «Chili»ning «Kobreloa» klubida to‘p surardi. 17 yoshli Sanches bilan shartnoma imzolagan Italiya klubi uni Janubiy Amerikada qoldirdi va avvaliga «Kolo-Kolo»ga, keyin esa, Argentinaning «River Pleyt» klubiga ijaraga berdi. 

2008 yilning yozida Aleksis Yevropaga keladi va dastlabki ikki yilni juda yaxshi o‘tkazdi. Keyin esa, uning Antonio Di Natale bilan hujumdagi juftligi butun Yevropaning og‘ziga tushdi. 2010/11 mavsumda «Udineze» aynan shu tandemning sermahsul o‘yinlari evaziga A Seriyada 4-o‘rinni oladi va Chempionlar Ligasi saralash bosqichiga yo‘llanma oladi.

O‘sha mavsumda Sanches 12 gol mualifi bo‘ldi. Uning «Palermo» darvozasiga safar o‘yinida amalga oshirgan pokeri esa, Italiya chempionati tarixiga mehmon jamoa hujumchisining ilk pokeri sifatida tarixga qayd etildi.  

2011 yilning iyulida u 26 million yevro evaziga «Barselona» futbolchisiga aylandi. Ispaniyadagi o‘zining debyut mavsumida superkubok, Ispaniya kubogi va chempionligi, shuningdek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionligini yutishga muvaffaq bo‘ldi. «Aleksis mening qalbimni zabt etdi va uning Barselonaga kelishidan baxtiyor bo‘ldim. U juda kamtar, shu bilan birga «Barselona»ni sezilarli kuchaytirdi» – degandi o‘shanda Pep Gvardiola.  

2012/13 mavsumida Sanches «Barselona» bilan yana Ispaniya chempioni bo‘ldi va jamoaga o‘z tarixida birinchi marta 100 ochkolik dovonni zabt etishda yordam berdi. «Bu yerda o‘ziniki bo‘lib qolish oson emas. Ammo Aleksis buni uddaladi» – deb baho berdi klubda Gvardioladan keyin bosh murabbiy bo‘lgan Tito Vilanova. 

Sanchesning Barselonadagi eng sermahsul mavsumi 2013/14 ga to‘g‘ri keladi. Xerardo Martino qo‘l ostida chililik hujumchi La-Ligada 19, barcha musobaqalarda 21ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo o‘sha mavsum jamoa uchun u qadar omadli chiqmadi. Ispaniya kubogi finalida klub «Real»dan yutqazdi, Ispaniya chempionatidagi so‘nggi turda esa, aynan Sanchesning goli «Barselona»ga chempionlikni sovg‘a qilishi mumkin edi. Ammo «Atletiko» o‘sha o‘yinda hisobni tenglashtirishga erishib, chempionlikni ilib ketgandi. Madridliklar bosh murabbiyi Diyego Simeone bilan Sanches «River Pleyt»da birga ishlaganini ta'kidlash lozim. 

Internetdagi so‘rovnomaga ko‘ra, Sanchesning 2013 yilda «Real» darvozasiga kiritgan goli El Klassikolardagi eng chiroyli gol sifatida qayd etilgan. O‘shanda chililik hujumchi parashyut usulida madridliklar darvozasini nishonga olgandi. Uning o‘sha goli Messi, Ronaldino, Maradona va Romarioning gollarini ortda qoldirgan. 

2014 yilda Sanches «Arsenal»ga o‘tdi va vinger emas, endi ko‘proq hujumchi sifatida o‘ynay boshladi. Dastlabki 100 o‘yinda 47 gol muallifi bo‘lgan Sanches xuddi shunday davrdagi Anrining ko‘rsatkichidan atigi 1 golga ortda qoldi xolos. «Agar Sanches formada bo‘lsa, «Arsenal»ning har qanday o‘yinda g‘alaba uchun imkoniyati oshib ketadi» – deb baho bergandi Terri Anri. 

2015 yilning sentabrida Aleksis «Lester «darvozasiga 3 gol urdi va Ispaniya, Italiya va Angliyada xet-trik sohibi bo‘lgan dastlabki futbolchi bo‘lib tarixga kirdi. 

U haqida nimalarni bilmaymiz?

Sanches konchilar shahri bo‘lmish Tokopilyada tug‘ilib o‘sgan. Olti yoshidan mashinalarni yuvib pul topa boshlagan. «U ulg‘aygan joylar sabab muvaffaqiyatlarga tashna bo‘lib qoldi. U bugungi kunlarga qanday yetib kelganini biladi va hech qachon o‘z tomirlarini unutmaydi» – deydi Aleksisning akasi Umberto

Ilk, haqiqiy butsalarini Sanches 15 yoshida olgan. Uni Tokopilya shahri meri Aleksisga sovg‘a qilgandi. Keyinchalik Aleksisning pullariga bu shaharda beshta bolalar o‘yingohi qurildi. Chililik futbolchi doimiy ravishda u yerdagi bolalarga to‘plar va sport formalari olib boradi. 

Sanchesga yoshligida «Olmaxon» deb laqab qo‘yishgan ekan. Sababi, u to‘p ilinib qolganda daraxtga sirg‘alib chiqib olib tushishga juda usta bo‘lgan. 

Chili terma jamoasidagi sheriklari Charlz Arangis va Eduardo Vargas bilan birga o‘z vaqtida «Kobreloa»da birga o‘ynashgan. «River Pleytda» esa, Radamel Falkaoga sherik bo‘lgandi. O‘sha jamoa bosh murabbiyi Diyego Simeone Sanches haqida ilq fikrlar aytgan – «Menda u bilan bog‘liq juda iliq xotiralar qolgan. U o‘sha paytlardayoq eng yuqori saviyadagi o‘yinlar uchun o‘zini tayyorlab borardi»

2015 yilda Sanches Argentina terma jamoasi darvozasiga hal qiluvchi penaltini uradi va terma jamoa tarixida ilk bor Amerika Kubogi g‘olibiga aylanadi. 2016  yilgi navbatdagi chempionlik turnirida esa, Sanches uch gol bilan musobaqa to‘purariga aylangan. «Mening bu chempionlikda hissam juda kam, hammasini uning o‘zi qildi. Men unga rahmat aytishim kerak» – degandi Chili terma jamoasi bosh murabbiyi Marselo Belsa.  

Uning ikkita iti bor – tillo rangri retriverlar. Atom va Umber. U bu ismlarni akasi Umberto yaratgan bir kinodagi robotlarning sharafiga tanlagan. Sanches hatto butsalariga ham bu itlarning laqabini yozib olgan. Hatto instagramda ularga bag‘ishlangan sahifa ham mavjud bo‘lib, 150 mingdan ortiq obunachisi bor. 

Ostonadagi natijalar:

Foto: Sky Sports

Chili terma jamoasi safidagi o‘yinlar soni bo‘yicha rekordchiga aylanishi mumkin. Hozirda u darvozabon Klaudio Bravo bilan birgalikda 119 o‘yinda maydonga tushib, eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etishgan. Terma jamoa safida eng ko‘p gol urgan futbolchi ham Sanches – 39 ta. 

Yevrokuboklardan birini hali yutmagan. «Barselona» safida UYeFA superkubogida zafar quchgan, ammo Chempionlar Ligasi yoki Yevropa Ligasi g‘olibi bo‘lish hali nasib etmagan. 

U haqida:

«Uning entuziazmi ajoyib. U har doim biror nima o‘ylab topishi va himoyachilarni sharmandali holatga tushirib qo‘yishi mumkin (Arsen Venger)

«Hatto tiklanish mashg‘ulotlarida ham u mehnat qilish va yana mehnat qilishni to‘xtatmaydi. Jarohatdan endi tiklanayotgan paytlarda ham maydonda eng yaxshi bo‘lishga intiladi (Mikel Arteta, «Arsenal» sobiq sardori)

«Temir xarakter sohibi, haqiqiy kurashchi va tug‘ma g‘olib. Ajoyib ijrochi, hozir ham o‘z saviyasidan pasaymagan» (Pep Gvardiola)

«Men o‘z faoliyatim davomida juda ko‘p ajoyib futbolchilar bilan birga to‘p surganman, lekin Aleksis Sanches ularning eng zo‘ri bo‘lib qolaveradi. Mendan ham zo‘rmi? Albatta! (Antonio Di Natale)

«Men uni ilk bor ko‘rganimdayoq sezganman – uning salohiyati juda katta edi. Odatda yosh futbolchilarda doim nimadir yetishmaydi, yo texnika, yoki dribling, yoki maydonni ko‘ra olish qobiliyati. Aleksisda hammasi joyida edi (Nelson Akosta, «Kobreloa» murabbiyi)

U aytadi:

Foto: Getty Images

 «Bolaligimda puldan juda qiynalardik. Onamga «Xavotir olma, bir kun men futbolchi bo‘laman va barcha muammolarimiz yechiladi», derdim. U faqat kulib qo‘ya qolardi. 

«Oyoqyalang o‘ynash mening bugungi o‘yin uslubim shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Qattiq toshlarni bosib olmaslik uchun kichik qadamlar bilan yugurishga o‘rganib qolganman»

«Mendan ko‘p so‘rashadi: o‘yin oldidan raqib jamoa himoyachilarini o‘rganamanmi? Yo‘q. Yaxshi narsalar o‘z o‘zidan, tabiiy ravishda ro‘y berishi kerak»

«Kinoda o‘ynash orzuim. Masalan, aqlli, zo‘r kiyingan va pistolet ta'qib olgan izquvar rolini. Yoki NASAda ishlaydigan va hamma narsani biladigan biror yigitning o‘rnida chiqsam...»

«Har doim dunyodagi eng yaxshilardan biri bo‘lishni orzu qilardim. Bolali gimdan bu haqida aytganman. Faoliyatimni to‘xtatganimda bu haqida orzu qilishdan voz kechaman, ungacha shu yo‘sinda mehnat qilishda davom etaman».

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid