O‘zbekiston | 23:10 / 22.01.2018
106382
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda endi ishga kirishda propiska talab etilmaydi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda vaqtinchalik yoki doimiy propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishdagi taqiqqa barham beriladi va ish beruvchilar javobgarligi bekor qilinadi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 22 yanvardagi 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlangan qarorida ko‘zda tutilgan.

«O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturida xabar qilinishicha, endi vaqtincha yoki doimiy propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berilib, mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchilarni ma'muriy javobgarlikka tortish bekor qilinadi.

Ushbu norma fuqarolarga mamlakatimizning istalgan hududida, ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishga joylashishda hech qanday cheklovlarsiz o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Shu tariqa, endi istiqbolli kadrlar qayerda doimiy yoki vaqtincha propiska qilingani, turar joyi bo‘yicha hisobda turganidan qat'i nazar, poytaxt mintaqasida mehnat qila oladigan bo‘ldi. 

Shuningdek, O‘zbekistonda mavsumiy ishlarga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimi soddalashtiriladi, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabi bekor qilinadi.

Voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma'muriy javobgarlik bekor qilinadi.

Bundan avvalroq ushbu davlat dasturiga ko‘ra, Toshkent va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolarga ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk xarid qilish imkoniyati taqdim etilishi ma'lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, Davlat dasturi 231 banddan iborat. Hujjatda, 37ta qonunni qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid