Jamiyat | 19:20 / 23.01.2018
41047
2 daqiqa o‘qiladi

E'lon! YTHda halok bo‘lgan fuqaroning shaxsi aniqlanmoqda

Toshkent viloyati IIB tomonidan 2018 yil 13 yanvarda Bo‘stonliq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan, 35-40 yoshlar atrofidagi ayolning shaxsi aniqlanmoqda. 

Viloyat IIB matbuot xizmatining KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, 13 yanvar kuni soat 08:30 larda Toshkent shahrida yashovchi A.U. o‘zi boshqaruvidagi «Spark» rusumli avtoulovini Bektemir-Chorbog‘ yo‘lining 68–kilometrida boshqarayotib, osiyo millatiga mansub, yoshi taxminan 35-40 lar atrofidagi ayolni urib yuborgan. Natijada shaxsi noma'lum piyoda ayol olgan tan jarohatlaridan voqea joyida vafot etgan. Ushbu holat yuzasidan O‘zR JKning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ayni vaqtda viloyat ichki ishlar boshqarmasi vafot etgan ayolning shaxsini aniqlash ustida ish olib bormoqda. 

Jabrlanuvchi osiyo millatiga mansub, 35-40 yoshlarda, bo‘yi 160-165 sm, yuzi ovalsimon, o‘rtacha gavdali, sochi qora uzun, qoshlari qora, burni o‘rtacha kattalikda, labi o‘rtacha, alohida belgilari mavjud emas.

Egnida bo‘lgan kiyimlari: qora rangli kurtka, qora rangli jyemper, ko‘k rangli shim, jigarrang tufli.

Yuqorida belgilari ko‘rsatib o‘tilgan, yo‘l transport hodisasi natijasida vafot etgan shaxs haqida ma'lumotga ega bo‘lganlar Bo‘stonliq tuman IIBning 0-370-74-21-303; +998 99 401 97 88 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi so‘raladi.

Mavzuga oid