O‘zbekiston | 14:08 / 26.01.2018
65652
5 daqiqa o‘qiladi

FVV O‘zbekiston aholisiga murojaat qildi

Hurmatli fuqarolar, ma'lumki, qish mavsumida havo haroratining keskin pasayib ketishi bilan fuqarolarimiz tomonidan xonadonlarni isitish maqsadida turli xildagi yoqilg‘i mahsulotlari, har xil turdagi isitish va gaz uskunalaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj kundan kunga oshib boradi. Bu esa, o‘z navbatida, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalari talablarining buzilishi natijasida xonadonlarda tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashiga, fuqarolarning is gazlaridan zaharlanib qolish ehtimolini oshishiga olib kelishi mumkin.

Misol uchun: Siz dam olayotgan yoki tunab qolgan xonada yig‘ilgan is gazi miqdori atigi 0,1 foizni tashkil etgan taqdirda, unday havodan 30 daqiqa davomida nafas olish, insonni o‘limga olib kelishi mumkin.

Qish mavsumida konservalangan oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan sabzavotlar konservalarining iste'moli ortishi tabiiy hol. Lekin, shuni unutmaslik kerakki, uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsuloti tarkibida eng kuchli ovqatdan zaharlanishni keltirib chiqaruvchi botulizm kasalligi qo‘zg‘atuvchisi bo‘lishi ehtimoli juda ham yuqori bo‘lib, zaharlanganlarga qisqa fursat ichida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmaganda, 75-85 foiz holatlarda zaharlanish insonning o‘limiga olib keladi.

Misol uchun: botulizm kasalligini keltirib chaqiruvchi botulotoksin kobra iloni zahridan 20 000 barobar kuchli hisoblanadi. Uning atigi 1,0 grami 1,0 mln. kishini zaharlab, o‘ldirishga yetadi.

Joylarda qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ana shunday noxush xolatlarning oldini olish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida o‘zingiz va yaqinlaringizning hayoti va salomatligini asrab qolish uchun quyidagi oddiy qoida va tavsiyalarga amal qilishingizni so‘raymiz:

Is gazidan zaharlanmaslik uchun:

  • isitish mavsumi boshlanishi oldidan pechlar, qozonxonalar, suv isitish kolonkalarining sozligi, mo‘rikonlarining tozaligini tekshirib chiqing;
  • nosoz, nostandart, qo‘lbola yasalgan isitish va gaz moslamalaridan foydalanishga aslo yo‘l qo‘ymang;
  • bolalar va imkoniyati cheklangan kishilarni nazoratsiz qoldirmang;
  • tabiiy gazdan foydalanishda turli xildagi rezina shlanglar, turli xil gaz so‘rgichlardan foydalanmang;
  • chet davlatlarda ishlab chiqarilgan isitish moslamalaridan faqat yo‘riqnoma bilan yaxshilab tanishib chiqqandan keyingina foydalaning.

Agar xonaga tabiiy gaz to‘lib qolganini sezib qolsangiz:

  • gaz plitalari va isitish pechlarini gaz tarmog‘idan o‘chiring;
  • darrov eshik va derazalarni ochib, xonani shamollating;
  • xonada elektr jihozlarini yoqmang, yoniq bo‘lsa, o‘chirmang, chunki bu yong‘in yoki gaz va havo aralashmasining chaqnashiga sabab bo‘lishi mumkin;
  • agar gaz chiqayotgan joyni o‘zingiz aniqlay olmasangiz, 104 telefoni orqali shahar va tuman gazlashtirish idoralari avariya ta'mirlash guruhlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Sifatsiz konservalangan mahsulotlardan zaharlanishning oldini olish maqsadida:

  • uy sharoitida pomidor, bodring, patisson marinadi, baqlajon ikralari kabi konserva mahsulotlarini tayyorlamang;
  • belgilanmagan joylar, ko‘cha-kuylarda sotilayotgan konserva mahsulotlarini xarid qilmang;
  • uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini, ayniqsa, pomidor va bodring marinadlarini iste'mol qilishdan chegaralaning, aks holda, konservalangan sabzavotlar mahsulotlari suyuqligining tiniqligi va musaffoligiga, sabzavotlarning ezilib qolmaganligi, qopqog‘ini shishib (bo‘rtib) chiqmaganligiga hamda eskirib qolmaganligiga alohida e'tibor qarating;
  • agarda o‘zingizda botulizm kasalligi alomatlari (holsizlanish, ko‘ngil aynishi, qayd qilish, og‘iz qurishi, ko‘rishning xiralashishi, buyumlarning ikkita bo‘lib ko‘rinishi, ko‘z qovog‘ining osilishi, ovoz bo‘g‘ilishi)ni sezsangiz, darhol yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qiling.

Aziz fuqarolar, yuqoridagi qoidalarga rioya qilish orqali o‘zingiz va yaqinlaringiz hayotini, mol-mulkingizni Favqulodda vaziyatlardan va noxush holatlardan asrab qolasiz.

Mavzuga oid