O‘zbekiston | 12:20 / 01.02.2018
106587
2 daqiqa o‘qiladi

Rustam Inoyatov Senat a'zosi bo‘ldi

Foto: «Sinxua»

31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Raisi lavozimidan ozod etilib, prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlangan Rustam Inoyatov Oliy majlis Senati a'zosi bo‘lgan. Bu haqda «Kun.uz»ning hukumatga yaqin manbasi xabar berdi.

Senat a'zolari qonunlar ishlab chiqilishi jarayonida ishtirok etishadi. Senat davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturi ijrosi masalalari hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan parlament so‘rovi yuborishga haqli hisoblanadi.

Shuningdek, senat a'zosi davlat organlarining  xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga, qoida tariqasida, tegishli hududlarning manfaatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan so‘rov yuborishga haqli.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, Senat a'zosi Senat roziligisiz, Senat majlislari oralig‘ida esa Senat Kengashi roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma'muriy jazoga tortilishi mumkin emas. Senat a'zosiga uning senatorlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.

Senat a'zosining vakolatlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.

Mavzuga oid