Light | 00:42 / 05.02.2018
35377
12 daqiqa o‘qiladi

Napoleondan piar saboqlari. Mukammal rahbar imidjini qanday yaratish mumkin?

Foto: Getty Images

Napoleon jamoatchilik fikrini mohirona boshqarishning uddasidan chiqqan va bu oxir-oqibat uni taxt sari yetaklagan. Imperatorning ko‘p usullarini bugungi kunda ham qo‘llash mumkin. Forbes Napoleon misolida mukammal rahbar qiyofasini yaratishga doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi.  

Napoleon Bonapartni PR va targ‘ibot dahosi hisoblashadi. Imperator qo‘pol kuchdan ko‘ra aql-idrok ustidan hukmronlik qilish yaxshiroq natija berishini juda yaxshi bilgan. Napoleon barchani o‘ziga jalb qilishning uddasidan chiqqan. U jamoatchilik fikrini mohirona boshqargan — millionlab fransuzlar uni ko‘klarga ko‘tarishgan. Uning o‘zi esa shunday degan: "Jamoatchilik fikri — bu tulpor, u ba'zan jilovlashga to‘g‘ri keladigan darajada qaysar bo‘lishi mumkin".

Napoleon ikki asr avval yashab o‘tgan bo‘lsa-da, uning imidjni yaratish usullaridan hanuz foydalanishadi. Xo‘sh, imperator piarining muvaffaqiyati nimada bo‘lgan va undan o‘zimiz uchun qanday foydali jihatlarni olishimiz mumkin?

Har qanday omma uchun "qadrdon"

Napoleon har qanday ommaning "qadrdoni" bo‘lgan. U o‘z nutqlari ishonchli jaranglashi uchun askarlar oldida faqat harbiy kiyimda namoyon bo‘lgan. Taxtga o‘tirish tantanasida uning egnida dafna gulchambari va qirollik kiyimlari bo‘lgan, bu uning mutlaq hukmronligini bildirardi. Shu tariqa Napoleon oldiga qo‘ygan maqsadlariga qarab o‘z imidjini nazorat qilishga muvaffaq bo‘lgan. U jangda g‘olib bo‘lib, oddiy askarlarning ehtiromiga sazovor bo‘lishi kerak bo‘lgan — harbiy kiyimini kiygan. Zodagonlar orasida esa, aksincha, so‘zsiz millat yetakchisi sifatidagi mavqeini mustahkamlashi talab qilinardi.

Shunday ekan, agar siz axborot tizimidagilarning tadbiriga bormoqchi bo‘lsangiz, o‘ta jiddiy kostyum-shim kiyishga hojat yo‘q, uni ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar uchun olib qo‘ying. Suratlar masalasida ham shunday - agar siz muayyan yo‘nalishda ish olib boruvchi OAVda chiqayotgan bo‘lsangiz, auditoriya, boshqa mualliflar, soha yetakchilarini o‘rganing, ularning qanday kiyinganiga e'tibor bering.

Faqat yaxshi narsalar haqida so‘zlang

Napoleon gazeta va jurnallarning naqadar foydali ekanini tez tushunib yetgan. Buyurtmaga yozilgan maqolalar mamlakatning muhim muammolarini chetlab o‘tardi, u qadar ahamiyatga ega bo‘lmagan muvaffaqiyatlar esa ommaga namoyish qilingan. Yaxshi tanlangan mavzular va syujyetlar sabab Bonapart muammoli vaziyatlarda jamoatchilik fikrini ustalik bilan boshqara olgan.

Napoleondan kishilar ongini manipulyatsiya qilishga doir uch usul:

  • Ma'lumotlar bilan bo‘lishmang;
  • Tarixni biroz soxtalashtiring;
  • Muayyan hodisalar haqida so‘z ochmang.

U shunday degan: "Har safar hukumat uchun yoqimsiz voqea sodir bo‘lganida u omma orasida keng tarqalmagunga qadar u haqida bayonot bermang". Oddiy holat: masalan, siz — internet-provaydersiz, pudratchilarning xatosi tufayli sizning serverda jiddiy nosozlik ro‘y berdi, xizmat ko‘rsatish rad etildi yoki shunga o‘xshash voqea. Natija esa — barcha mijozlaringizda internet o‘chgan. Mijozlarning faqat xat va qo‘ng‘iroqlariga javob bering, ro‘y bergan yoqimsiz voqeani ochiq manbalarda chop etmang, vahima urug‘ini sochmang.

Muammoni hal qilmay turib, OAV bilan gaplashmang. Faqat ishlar o‘z o‘rniga tusha boshlaganidan keyingina aniq sabab, natijalar va qabul qilingan qarorlar bilan bo‘lishasiz. Ma'lumot OAVga chiqquniga qadar sizda muammolarni tinch va sezdirmay hal qilish imkoni mavjud bo‘ladi. Bunday yoqimsiz holatlar piar uchun yaxshi sabab emas. Agar sizda bundan tashqari boshqa qiziq ma'lumot bo‘lsa, uni ommaga taqdim etishning ayni vaqti, bu sizga OAV e'tiborini boshqa tomonga qaratishga yordam beradi.  

Xayriya bilan shug‘ullaning

“Yaxshilik qiling va uni suvga tashlang!” tamoyili Napoleonga to‘g‘ri kelmasligi aniq. Kamtarlik —unutilish yo‘li.

“Napoleon Yaffodagi vabo bilan kasallanganlar shifoxonasida” kartinasi imperator buyurtmasiga binoan ishlangan. Bonapart san'at asarlari yordamida zamondoshlarining ko‘z o‘ngida mehr-muruvvatli va jasur hukmdor sifatida gavdalanishni istagan. Imperator o‘zining bemorlardan ko‘zini olib qochuvchi a'yonlari fonida oddiy odamlar va ularning dardiga hamdard hamda g‘amxo‘r insondek tasavvur uyg‘otardi.

Agar bu san'at asari sizga haqiqatdan yiroq kartinani ko‘rsatayotgan bo‘lsa, real hayotda birovga yaxshilik qilishingizga hech kim to‘sqinlik qilmaydi. Notijoriy fondlar va bolalar uylari doim yordamga muhtoj. Ularning loyihalarida ishtirok eting, muhtojlarga doimiy yordam ko‘rsatayotganingizni namoyish qilish uchun suratga tushing yoki reportaj bering. Ijtimoiy piar — OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi targ‘ibotning eng mashhur shakllaridan biri. Bunday faoliyat ikki tomon: kompaniyaga ham, muhtojlarga ham yordam beradi va umuman, birovga yordam qo‘lini cho‘zish – savob.

Napoleonning ijtimoiy tarmoqlari

1815 yilda imperator inglizlarga asir tushganda qiziq voqea ro‘y bergan. Napoleon kemada, Buyuk Britaniya qirg‘oqlari yaqinida hibsga olingan. Qiziquvchan inglizlar buyuk sarkardani shaxsan ko‘rgilari kelgan, biroq u shu yerda ham g‘aroyib yo‘l tutgan. Bonapart ommaga ko‘rinish berish o‘rniga dengizchidan qora taxtaga bo‘r bilan yozilgan yozuvlarni qo‘yishni so‘ragan. Qiziquvchilar shu tariqa imperatorning qachon dam olayotgani, qachon ovqatlanayotgani yoki palubada sayr qilayotganini bilib olishlari mumkin edi. Kamdan-kam holatlarda Napoleon omma oldida ko‘rinish bergan va ularga qarata qo‘l ko‘tarib qo‘ygan, shu payt “tomoshabinlar” uni qarsaklar bilan olqishlashardi.

Agar ikki asr ilgari Napoleonning Facebook yoki Instagram’da akkaunti bo‘lganida edi, ehtimol, u o‘z sahifasini faol yuritgan bo‘lardi. Ijtimoiy tarmoqlarda hayotingizdagi yangiliklar bilan bo‘lishishni unutmang. O‘z sahifasini mahorat bilan yurituvchilar u yerda anchagina fanat va hamfikrlarga ega bo‘lgan. Odamlar portallarda rasmiy izohlarni o‘qigandan ko‘ra, oddiy hayotda qanday inson ekaningizga ko‘proq qiziqishadi. Sizning sahifalaringiz shaxsiy OAVga aylanishi mumkin, u yerda faqat sizning pozitsiyangiz va tahririy siyosatingiz yuritiladi.

Odamlarga yaqin bo‘ling

Bir kuni Misrdagi urush vaqtida imperator namoyishkorona otdan voz kechdi va sahro bo‘ylab butun armiyaning oldida piyoda harakatlandi. U shu tariqa nafaqat mamlakat, balki butun armiya mehr-muhabbatini qozondi. Aksariyat askarlar keyinchalik, hatto Napoleon taxtdan voz kechganida ham unga sodiq qolishdi.

Ommaviy tadbirlarda bo‘lganingizda boshqalar bilan bir qatorda faollik ko‘rsatishga harakat qiling. Xayriya marafoniga notiq sifatida kelgan bo‘lsangiz, tadbirning muhimligi haqidagi ikki og‘iz so‘z bilan chegaralanmay, ishtirokchilar bilan birga yugurishga harakat qiling. Agar oddiy hashar bo‘lsa, eng oxirida kelib maqtab qo‘yish bilangina cheklanmay, qolganlar bilan birga mehnatga kirishing.

O‘zingizni qolganlardan ustun tutmay, odamlarga yaqin bo‘lishga va o‘zingizni ular qatori tutishga harakat qilsangiz sizga bo‘lgan ishonch va hurmat cheksiz bo‘ladi.

Maqsadli auditoriyaga hamdard bo‘ling

Napoleon Italiyaning oddiy generali bo‘lgan vaqtlaridayoq askarlarni bo‘lg‘usi janglarga ilhomlantirishi kerak bo‘lgan. Bo‘lg‘usi imperator o‘zi, mamlakat yoki oliy missiya haqida emas, askarlarning muammolari haqida gapirish kerakligini yaxshi bilgan. U o‘z so‘zlarini qog‘ozlarga tushirib, ularni tarqatishni buyurgan: “Askarlar! Sizlarning na etiklaringiz, na mundirlaringiz va na ko‘ylaklaringiz bor. Siz to‘yib non ham yeya olmaysiz, omborlarimiz esa bo‘m-bo‘sh. Dushmanlarimizda esa yegulik ko‘p. Ularning barini qo‘lga kiritish sizlarga bog‘liq. Sizlar buni istaysiz va buni uddalay olasiz!”

Bonapart har bir guruh bilan unga yaqin mavzularda suhbatlashgan. Askarlar bilan — pul va oziq-ovqat haqida, ofitserlar bilan — g‘alaba va shon-shuhrat haqida, yov amaldorlari bilan — soliqlar va korrupsiya haqida. Keyinchalik u o‘z armiyasi uchun ikki “korporativ” gazetalarni chiqarib, ular orqali muhim yangiliklar taqdim etib borgan, targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘ygan.

Napoleonning raqiblari va egallab olgan hududlaridagi tinch aholi bilan ham xuddi shunday, u ularning har birini o‘z ittifoqdoshiga aylantirishga harakat qilgan yoki hech bo‘lmaganda neytralitetni saqlashga ko‘ndirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yoki chiqishlarda o‘z auditoriyangiz bilan suhbatda shu tajribani qo‘llang. Faqat o‘zingiz uchun emas, ular uchun muhim bo‘lgan narsalar haqida ham so‘zlang.

Shaxsni ulug‘lash

Napoleon Bonapart nomi yana shunisi bilan mashhurki, u o‘z harbiy va siyosiy karerasining boshidanoq o‘z shaxsini ko‘klarga ko‘tarish choralarini ko‘rgan. Har qanday g‘alabasidan keyin fransuz generallari emas, Napoleon buyuk sarkarda deya e'tirof etilardi. Bu Fransiyada jamoatchilik fikrini nazorat qilishga yordam berardi. Uning shaxsi mashhur bo‘lishiga shuningdek OAV, salonlarda tarqalgan mish-mishlar va hatto suvenir mahsulotlar (mashhur janglar aks etgan miniatyuralar) ham yordam bergan.

Napoleondan o‘rganishga arziydigan asosiy jihat — avval rahbar haqida, ana undan keyingina uning kompaniyasi haqida gapirishlariga erishing. Odamlar kompaniyani uning rahbari bilan bog‘lashadi. Bunga yaqqol misol sifatida Stiv Jobs yoki Ilon Maskni keltirish mumkin.

Barcha usullardan birgalikda foydalangan Napoleon jamoatchilik fikrini mohirona boshqarishning uddasidan chiqqan va bu oxir-oqibat uni Fransiya taxtigacha olib kelgan, imperator xalqning mehr-muhabbatini qozongan. Bu usullar bugungi kunda ham kompaniyalar rahbarlariga mashhurlik olib keladi va ularning har biri o‘z fanatlari va izdoshlariga ega bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid