O‘zbekiston | 09:10 / 08.02.2018
107635
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatida 3ta tuman hokimi o‘zgardi

Xalq deputatlari Rishton tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev qatnashdi. U Rishton tumanida so‘nggi yillarda ko‘plab sohalarda ijobiy ishlar qilinayotganini sanab o‘tib, bir qator sohalarda ko‘plab yutuqlarga erishilganini ta'kidlash bilan birga yo‘l qo‘yilgan qator kamchiliklar haqida o‘z so‘zida alohida to‘xtaldi, deb yozadi «Rishton haqiqati» gazetasi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. G‘ayratali Turg‘unovich Mamadaliyev o‘z arizasiga ko‘ra Rishton tumani hokimi vazifasidan ozod qilindi.

Shu kungacha So‘x tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Tavakkaljon Esonaliyevich Rahimov Rishton tuman hokimi etib tayinlandi.

Tavakkaljon Rahimov Esonaliyevich 1963 yilda Farg‘ona viloyati, Rishton tumanidagi Dutir qishlog‘ida tug‘ilgan. Ma'lumoti — oliy, 1986 yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutining muhandis-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Tavakkaljon Rahimov o‘z mehnat faoliyatini 1988 yili Rishton Agrosanoat kombinati ishchiligidan boshlagan. 1993–2012 yillarda ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda, jumladan, Rishton tuman IIB boshlig‘i vazifasida ham ishlagan. 2012 yildan buyon So‘x tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan.

O‘z navbatida So‘x tumaniga shu vaqtgacha Farg‘ona viloyati IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasiga rahbarlik qilib kelayotgan Farrux O‘sarov yangi hokim etib tayinlangan.

Shuningdek, Buvayda tumani hokimi o‘zgargan. Ushbu tuman hokimi Alibek Tursunov viloyat hokimi o‘rinbosarligiga o‘tgan, uning o‘rniga Bag‘dod tumani hokimi o‘rinbosari Behzod Ibragimov tumanga hokim bo‘lgan.

Mavzuga oid