Jahon | 22:50 / 20.02.2018
82992
4 daqiqa o‘qiladi

Eng ishonchsiz samolyotlar yettiligi (suratlar)

Samolyot hamon butun jahonda eng ishonchli transport vositasiligicha qolmoqda. Albatta, har bir aviahalokat chinakam fojiaga aylanadi — allaqanday daqiqalar ichida yuzlab insonlarning birvarakayiga nobud bo‘lishi chindan ham dahshatli. So‘nggi vaqtlarda aviahalokatlar ko‘p ham kuzatilmaydigan hodisalarga aylangan. Masalan, 2017 yilda yo‘lovchi samolyotlar bilan butun jahonda aytarli halokat sodir bo‘lmadi. Biroq samolyotlar tobora kattalasha borayotgan ekan, unda halok bo‘ladigan insonlar soni ham orta boradi. Dnpmag.com tarixdagi eng xavfli samolyotlar yettiligini tuzib chiqdi — parvoz oldidan shunaqasiga mingan-minmaganingizni bir tekshirib ko‘rsangiz yomon bo‘lmasdi...

McDonnell-Douglas MD-11

Dunyodagi eng xavfli samolyotlar ichida eng xavfsizi shu bo‘lsa kerak — 3.688.800 parvoz soatiga atigi 1ta aviahalokat to‘g‘ri kelmoqda. MD-11 samolyotlarini ishlab chiqarish 2001 yilda to‘xtatilgan, samolyot shunchaki samarasiz, deb topilgan. Lekin juda ko‘p yirik aviakompaniyalar — ularning orasida Finnair va KLM kabilari ham bor — undan hamon foydalanishmoqda.
 

Boeing 727

Yirik aviakompaniyalarning aksariyat qismi allaqachon Boeing 727’dan voz kechib bo‘lishgan. Amerikada bunday samolyotni uchratmaysiz, lekin undan tashqarida 727 lar ba'zan uchrab turadi. Bu model so‘nggi marta 2003 yilda Afrikaning Beninida halokatga uchragan — barcha yo‘lovchilar qurbon bo‘lgan. O‘rtacha 2.306.300 parvoz soatiga 1ta aviahalokat to‘g‘ri keladi.

 

McDonnell-Douglas DC-9

Bu samolyotni negadir Amerikaning ko‘plab mayda aviakompaniyalari yoqtirishadi. Delta Airlines kabi yiriklari ham bu «qariya»dan foydalanib turishibdi, vaholanki u 1982 yildan buyon ishlab chiqarilmayapti. Statistikasi ham u qadar yomon emas (ro‘yxatdagilar bilan solishtirilganda, albatta): 1.068.700 parvoz soatiga 1 aviahalokat.

 

Airbus A310

Yirik aviakompaniyalar, jumladan, «O‘zbekiston havo yo‘llari» ham, Airbus A310’dan foydalanishni shunchaki bas qilishdi — u eskirgan, ishonchli emas, nihoyat, juda xavfli samolyot. Biroq ba'zi bir osiyolik aviatashuvchilar bu modeldan hamon foydalanishmoqda. Pakistan International Airlines’da, masalan, uchta shunday samolyot bor, Yemenia Airlines’da bittagina bor edi, u ham 2009 yilning 30 iyunida qulagan. Umuman olganda, 1.067.700 parvoz soatiga 1 ta Airbus A310 qulab turadi.

 

Tu-154

1994 yildan 2017 yilga qadar jahonda Tu-154 samolyotlari ishtirokida 17ta aviahalokat ro‘y bergan. 1760 kishi halok bo‘lgan. Lekin model hamon MDH hududida eng keng tarqalgan samolyot bo‘lib turibdi, ayni paytda 336 ta samolyot parvozga shay. Qayg‘uli statistika 1.041.000 parvoz soatiga 1 dona Tu-154 qulashidan darak berib turibdi.

 

IL-76

Ayni paytda jahonda 247 ta IL-76 samolyotidan foydalanilmoqda. Jumladan, «O‘zbekiston havo yo‘llari»da ham. Foydalanuvchilarning aksariyati sobiq ittifoq davlatlari. 1974 yildan buyon ishlab chiqarilayotgan layner nechog‘lik xavfli? IL-76ning 549.900 parvoz soatiga 1 ta aviahalokat to‘g‘ri keladi.

 

Boeing 737 JT8D

Eski va u qadar ishonchli bo‘lmagan samolyot. Ayni paytda undan foydalanish «yetarli tarzda xavfsiz bo‘lmagan havo kemasi» tashxisi ostida Yevropa ittifoqida taqiqlab qo‘yilgan. Biroq uchinchi dunyo davlatlari o‘z aviaparkidan Boeing 737 JT8D ni chiqarib tashlashni xayollariga ham keltirishmayapti. 737ning bu modeliga 507.500 parvoz soatiga 1 ta aviahalokat to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, bot-bot degani emas, lekin bunday hollarda bittasi ham juda ko‘plik qiladi.

Mavzuga oid