Diqqat, keyingi bekat - «Porloq yo‘l sovxozi» (xarobalari)
2018 yil, fevral. «Kun.uz» ijodiy guruhi Jizzax viloyatiga safar qilmoqda.
Zomin tog‘laridan tushib, cho‘llar oralab kirdik. Navbatdagi manzilga qosh qorayganda yetib keldik. Toshloq va tuproq bo‘ylab avtomobilda harakatlanish juda qiyin va juda sekin edi.
528 xonadonda 3 mingdan ortiq kishi yashaydigan «Tinchlik» qishloq fuqarolar yig‘inidagi «Tinchlik» qo‘rg‘oni zulmatga cho‘mgan.
Tunni shu joy aholisi bilan bir xil sharoitda, izg‘irin qish kunida hech qanday isitish moslamalari bo‘lmagan uyda o‘tkazib, tonggacha chidadik.
Ko‘chalarni aylanamiz. Yuzlari sovuqdan, shamoldan, ko‘mirdan qorayib ketgan kishilar, yosh yigitlar to‘p-to‘p yig‘ilib, zaifgina quyosh nurida isinib turadi.
Bu joy aholisining boshidagi yagona o‘y - qishdan omon, sovuqda qotib qolmasdan chiqish bo‘lib turibdi.
Markaziy ko‘chalardan biri. (Bu yerda shuni yo‘l sifatida qabul qilishadi).
Bu 477 o‘quvchi qatnaydigan Abu Rayhon Beruniy nomidagi 52-o‘rta maktab (xarobalari).
Yigirma birinchi asrda odamlar shunday uylarda yashamoqda. (Bu joydagi ikki uyning birida shu manzaraga duch kelamiz).
(Texnika xavfsizligiga rioya qilinmagani tufayli baxtsiz hodisa ro‘y berishini kutasizmi?)
Ichimlik suvi kelsa keldi, yo‘qsa, yomg‘ir-qor suvini ichaverishadi. (3000 kishi uchun bitta nuqtada ichimlik suvi kunning ma'lum soatlarida tarqatiladi, kimgadir yetadi, kimdir ovora bo‘lib qaytib ketadi).
Bu shu hudud aholisiga xizmat qilayotgan qishloq vrachlik punkti. Mijozlar ko‘p bo‘ladi. (Bizni yuqoridan tekshiruv deb o‘ylashdi chog‘i, xodimlar darhol obondonlashtirish ishlariga kirishdi).
Bu hudud aholisi o‘n yillardan buyon birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum holda yashab kelmoqda. (Falon pulga o‘tin sotib olib, unga puli yo‘qlar tappi-tezak yoqib jon saqlanmoqda).
Ular yana qancha vaqt shunday yashashi kerak?
Nega ular bu ahvolda qoldi? Ular O‘zbekiston fuqarolari emasmi? Ular qora, boshqalar oqmi? Ular janda-jundaga o‘ralib, yovg‘on ichib kun o‘tkazsin, hech narsani ko‘rmagandek yashab yuraverasizmi? Bu bolalarning aybi shu yerda, shu oilalarda tug‘ilib qolganimi? Nega ular boshqa tengdoshlari kabi teng sharoitlarda o‘qimasligi kerak? Bu notenglik qayerdan? Ular davlatga paxta topshirsin, g‘alla topshirsin, pilla topshirsin, borini topshirsin, keyin o‘z holiga tashlab qo‘yilsinmi?
Bu qishloqning mol-holi, qo‘y-echkilariyam Maxmurning Xapalak sheridagi misol oriqlab ketgan.
Holbuki, bir vaqtlar bu uylarning har birida kranlardan suv chiqar, ko‘chalardagi ariqlarda suv sharqirab oqar, bu yerda ham ovqat gazda qilinar, uylar gazda isitilar, ko‘chalari kechalari charog‘on, odamlarining yuzida baxtiyorlik edi.
Endi ahvol shunday ayanchli. Endi ular nima qilsin? Otalari, bolalari kindik qoni to‘kilgan vatanini tashlab ketsinmi? Qayerga? Qanday qilib? Qayerda kim ularni quchoq ochib kutib oladi?
Rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari bu ahvoldan xabardormi? «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da kimdir bir marta bo‘lsin kelib, aholi bilan muloqot qilindimi, muammolar o‘rganib, choralar izlandimi?
Endi vaziyat shu darajagacha tushishiga aybdor bo‘lganlar kelib shu uylarda yashab ko‘rsinchi?
Boshqa holatlardagidan farqli o‘laroq, biz bu yerga murojaat asosida bormadik, bizni hech kim yordam so‘rab chaqirmadi, yo‘l-yo‘lakay kirilgan joy. Ko‘rib turganingizdek, bu yerda gaz quvurlari bor (suv quvurlari ham bor, elektr uchun simyog‘ochlar ham), lekin nimadir sabab bo‘lib qaysidir yili kimningdir hukmi bilan hududga gaz yetkazib berish to‘xtatilgan.
Buning uchun Dashtobod shahridan shu hududga boruvchi quvur boshidan uzilgan. Masala hal.
Hech kimdan bu joyni yana obod qilishni talab qilmaymiz, beradigan va'dalaringiz bezor qildi hammani. Lekin bir savolga javob beriladimi - keyingi qishda bu bechoralar nima qiladi?..
Bor ahvol shu, hamma ko‘rsin. Kimningdir vijdoni sal bo‘lsada mudrab qo‘yar, uyalar, balki, kimlardir katta-katta gapirib, porloq kelajakdan va'z so‘qishni, jannatmonand yurt haqida ertak to‘qishni bas qilar, «o‘zimizda bilim olish, ishlash va yashash uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgani» haqida safsata aytganlar jim bo‘lar, kimningdir onggi, fikrlashi o‘zgarar.
Zahmatkash va jafokash xalqimizga esa sabr.
Mover orqali ko‘rish
Aziz Qarshiyev
Mavzuga oid
09:25 / 06.11.2024
Jizzaxda qariyb 800 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fuqaro aniqlandi
08:30 / 28.10.2024
Jizzaxda ikkita yuk mashinasi to‘qnashdi
22:09 / 14.10.2024
Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
20:36 / 12.10.2024