Britaniyalik 20 dollarga olgan choynakni 800 ming dollarga sotdi
Britaniyalik kolleksioner 20 dollarga sotib olgan chinni choynakni auksionda 800 ming dollarga sotishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Independent nashri xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, britaniyalik bandi singan va qopqog‘i yo‘q choynakni 2016 yilda auksionda sotib olgan. Taxminlarga ko‘ra, u 1766 va 1800 yillar oralig‘ida Midlseks grafligida tayyorlangan bo‘lgan.
Biroq kolleksionerda choynakning kelib chiqishi borasida shubha tug‘ilgan. U choynakni Woolley and Wallis firmasining auksionchi-ekspertiga ko‘rsatgan. Mutaxassis choynak Angliyaga Kaliforniyadan 1763 yilda kelgan kulol Jon Bartlem tomonidan yasalganini aniqlagan.
Bartlem yasagan buyumlar juda noyob hisoblanib, avval u tomondan yaratilgan bor-yo‘g‘i 6 buyum ma'lum bo‘lgan. Britaniyalik sotib olgan choynak esa o‘sha buyumlardan eng birinchi yasalgani bo‘lgan.
Shundan keyin choynak yana auksionga qo‘yilgan va u uchun 70 ming dollar qo‘lga kiritish mo‘ljallangan. Biroq choynakni sotib olingan narxidan 40 ming marta qimmatroqqa – 800 ming dollarga sotishga muvaffaq bo‘lingan. Qadimiy choynak Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyiga yetkazilib, u yerda tomoshaga qo‘yiladi.
2017 yil oktabrida esa 900 yil avval, Sun sulolasi davrida yasalgan, kaftni yuvish uchun mo‘ljallangan chinni likopcha Hongkongdagi Sotheby's auksionida rekord qiymatdagi narx – 37,7 mln dollarga sotilgani ma'lum qilingandi.