Jahon | 07:52 / 01.03.2018
6784
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik razvedkachilar o‘z faoliyatlari uchun 60 mlrd dollar so‘rashmoqda

Foto: Reuters

AQSh razvedka xizmatlari AQSh kongressidan 2019 moliyaviy yilda o‘z faoliyatlari uchun 59,9 mlrd dollar so‘rashmoqda. Yangi moliyaviy yil joriy yilning 1 oktabridan boshlanadi. Bu haqda milliy razvedka direktori Deniyel Kouts apparati ma'lum qildi. 

“2019 moliyaviy yilda milliy razvedka dasturini amalga oshirish uchun so‘ralgan umumiy mablag‘ 59,9 mlrd dollarni tashkil qiladi, u xorijdagi amaliyotlarni moliyalashtirishni ham o‘z ichiga oladi”, deb aytilgan bayonotda.  

Apparat xodimlarining aytishicha, AQSh razvedkasi byudjyetiga taalluqli boshqa biror qo‘shimcha ma'lumot oshkor qilinmaydi, chunki milliy xavfsizlikka ziyon yetkazishi mumkin. 2007 yilda qabul qilingan qonun milliy razvedka direktoriga faqatgina so‘ralgan yoki ajratilgan mablag‘lar umumiy qiymatini oshkor qilish majburiyatini qo‘yadi.

Milliy razvedka dasturiga mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi xarajatlari kiritilmaydi. Defense News nashri ma'lumotlariga ko‘ra, harbiy razvedkaga 2019 yilda 21,2 mlrd dollar so‘ralmoqchi.

Shu tariqa AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati AQShning barcha razvedka boshqarmalariga keyingi moliyaviy yilda 81,1 mlrd dollar ajratilishini so‘ramoqchi. Taqqoslash uchun, milliy razvedka apparati direktori ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda razvedka faoliyati uchun umumiy xarajatlar 73 mlrd dollarni, 2016 yilda 70,7 mlrd dollarni va 2007 yilda 63,5 mlrd dollarni tashkil qilgan.   

Deniyel Kouts 16 ta razvedka boshqarmasi faoliyatini boshqaradi. Uning lavozimi 2001 yil 11 sentabrda Nyu-York va Vashingtonda sodir etilgan teraktlardan keyin maxsus xizmatlarni isloh qilish doirasida 2005 yilda yaratilgan.

 

Mavzuga oid