O‘zbekiston | 15:00 / 01.03.2018
81750
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston chegarasidagi o‘tish punktlari ochildi

2018 yilning 1 martidan O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq misoli o‘laroq o‘zbek-tojik davlat chegarasi orqali 9ta o‘tish punktlari tantanali ravishda ochildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, Samarqand viloyatidagi «Jartepa» («Sarazm»), Jizzax viloyatidagi «Kushkent» («O‘ratepa») va «Uchqo‘rg‘on» («Havotog‘»), Sirdaryo viloyatidagi «Xovosobod» («Zafarobod»), Toshkent viloyatidagi «Bekobod» («Xashtyak»), Namangan viloyatidagi «Pop» («Navbunyod»), Farg‘ona viloyatidagi «Ravot» («Ravot»), Surxondaryo viloyatidagi «Gulbahor» («Ayvaj») kabi avtomobil yo‘llaridagi punktlar, shuningdek, temir yo‘l chizig‘idagi «Amuzang» («Hoshadi») punti ochildi.

Bundan avvalroq bahorning ilk kunida O‘zbekistondan tiklangan temir yo‘l orqali Tojikistonga ilk poyezd kelishi haqida xabar berilgandi.

«Ko‘lob-Moskva» yo‘nalishi bo‘ylab birinchi yo‘lovchi poyezdi «Amuzang» («Hoshadi») temir yo‘li o‘tkazish punkti orqali 7 mart kuni qatnashni boshlashi kutilmoqda.

Chegara punktlarining ochilish marosimlari ikki mamlakat rasmiy vakillari hamda tutash tuman aholisi ishtirokida tantanali tarzda va do‘stona muhitda o‘tdi.

«Ikki davlatning qardosh xalqlari sabrsizlik bilan kutgan mazkur voqealik endilikda fuqarolarning o‘zaro qatnovini osonlashtirishga imkon yaratadi, bu esa o‘z navbatida ikki mamlakat do‘st xalqlarining qarindoshchilik aloqalarini saqlashga xizmat qiladi. Mazkur qadam O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratadi», deyilgan TIV xabarida.

Mavzuga oid