O‘zbekiston | 21:30 / 07.03.2018
17635
4 daqiqa o‘qiladi

Ichki turizm faollashmoqda: Buxoro, Xorazm va Samarqand viloyatlarida sayyohlar oqimi

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mahalliy hokimliklar va turistik tashkilotlar bilan hamkorlikda mamlakat aholisi uchun turlar tashkil qilishga faol bel bog‘ladi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatchisining xabar berishicha, fevral oyi oxirlarida 43 kishidan iborat Qo‘shko‘pir kasaba uyushmasi a'zolari hamda Xozarasp tumani hokimligining 26 vakili uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga sayohat tashkil etildi. Mehmonlar o‘z turlarini Sulton Uvays bobo kompleksiga tashrif buyurishdan boshlashdi. Shuningdek ular Nukusdagi  Savitskiy muzeyi va Mazdakxon majmuiga borishdi. Mehmonlarning respublikaga tashrifiga bayramona ruh bag‘ishlash maqsadida madaniy tadbirlar ham tashkillashtirildi.

Bundan tashqari, kam ta'minlangan oilalar farzandlari uchun Xivaga sayohat tashkil qilindi. Xivaga tashrif davomida bolalar shaharning diqqatga sazovor maskanlari bilan yaqindan tanishishdi. Kalta Minor, Ichan-qal'a, Juma masjidi, Olloqulixon, Muhammad Rahimxon, Sherg‘ozixon madrasalari, Pahlavon Mahmud memoriali, "Tosh hovli" saroyi shular jumlasidandir.

Mazkur sayohatdan asosiy maqsad ulg‘ayib kelayotgan avlodni mamlakat tarixi, milliy qadriyatlar hamda Xorazm viloyatidagi turizm sanoati bilan tanishtirish bo‘lgan.

Qo‘mita ma'lumotlariga ko‘ra, fevral oyi oxirida Xorazm viloyatiga shuningdek Olmaliq tog‘-kon metallurgiya zavodining 80 nafar ishchisidan iborat guruh tashrif buyurgan. Ular ham viloyatning tarixiy maskanlarini sayohat qilishgan hamda Prezident tashabbusi bilan restavratsiya qilingan "Nurullaboy" kompleksi bilan tanishishgan.

Sayyohlar viloyatga tashriflari davomida Xorazm folklor ansambli chiqishlaridan ham baxramand bo‘lishdi hamda milliy taomlardan tatib ko‘rishdi. 

Bahorning ilk kunlarida Buxoro viloyati maktabgacha ta'lim muassasalarining 150 nafar mutaxassisi uchun Samarqand viloyatining tarixiy maskanlariga sayohat tashkillashtirildi. 

Buxoro viloyatining turistik kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan sayohat davomida sayyohlar Imom al-Buxoriy majmuasi, Registon maydoni, Islom Karimov nomli memorial kompleks va viloyatning boshqa diqqatga sazovor maskanlariga tashrif buyurishdi va ularning qurilish tarixiga doir ma'lumotlarni ham olishga muvaffaq bo‘lishdi.

"O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" shiori ostida Buxoroga sayohat ko‘lami kundan-kunga kengayib bormoqda. Buxoro viloyat hokimligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida 207 kishidan iborat guruhning Buxoroning tarixiy qismi "Yetti pir"ga tashrifi amalga oshirildi. 

Sayohat Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy majmuasidan boshlanib, Xoja Bahouddin Naqshband maqbarasiga tashrif bilan yakunlandi. Shu bilan birga Romiton tumani restoranida tushlik, keyin esa Buxoro shahrining ajoyib restoranida kechki ovqat tashkillashtirildi. Bundan tashqari, musiqiy va madaniy tadbirlar bilan mehmonlar kayfiyati yanada ko‘tarildi.

Jamoaga 26 kishidan iborat toshkentlik mehmonlar ham kelib qo‘shilishdi. Ular birgalikda Toqi Zargaron savdo majmui hamda "Muallaq darvesh" tomonlarga sayohat qilishdi va esdalik uchun suratlarga tushishdi.

Mavzuga oid