Dushanbeda tarixiy ahamiyatga ega hujjatlar imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirishdi.
Muzokaralardan so‘ng erishilgan kelishuvlar bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Do‘stlik va yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot, O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomani imzolashgan.
Savdo, iqtisodiyot, investitsiya, moliya, transport va tranzit, qishloq xo‘jaligi, suv-energetika, soliq, bojxona, turizm, fan-ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlik hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan jami 27ta hujjat imzolandi.
Ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish uchun yangicha huquqiy asos yaratadi.
Matbuot anjumanida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon muzokaralar do‘stona, ochiq va amaliy ruhda o‘tganini, muloqotlar natijasidan mamnunligini ta'kidlashdi.
«Biz O‘zbekiston va Tojikistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi munosabatlarini mustahkamlashga doir dolzarb masalalarni muhokama qildik. Buning natijasi sifatida muhim hujjatlar – Davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma va Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risida bitim imzolandi. Bugun erishilgan tarixiy kelishuvlar nafaqat xalqlarimiz, balki butun mintaqa uchun ulkan ahamiyatga ega», dedi O‘zbekiston rahbari.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini avvaliga 500 million dollarga yetkazish haqida so‘z borgan edi. Davlat rahbarlarining samarali muzokaralari, ishbilarmon doiralarning bevosita muloqoti natijasida bu ko‘rsatkich 1 milliard dollarga olib chiqiladigan bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida hal qilinmagan masalalar qolmaganini ta'kidladi. Prezident Imomali Rahmon bu fikrni to‘la qo‘llab-quvvatladi.
Tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik asosida yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi.
Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan biznes-forum va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi doirasida umumiy qiymati 143 million dollardan ortiq savdo shartnomalari va kooperatsiya bitimlari, shuningdek, O‘zbekiston banklari tomonidan savdoni moliyalashtirishga 100 million dollar mablag‘ ajratish to‘g‘risida bitim imzolangani ta'kidlandi.
Mavzuga oid
20:19 / 08.08.2024
Tojikistonda Xitoy bilan hamkorlikda harbiy baza qurilishi rad etildi
11:22 / 02.05.2024
Prezident: Jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketyapti
21:36 / 01.05.2024
YeTTB O‘zbekistonda «yashil» shaharlarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etadi
09:04 / 30.04.2024