O‘zbekiston | 01:17 / 18.03.2018
12506
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek tilining xalqaro baholash tizimi ishlab chiqildi

Hozirgi kunda ingliz tiliniing IELTS (International English Language Testing System), koreys tilining TOPIC (Test of Proficiency in Korean), yapon tilining JLPT (Japanese Language Proficiency Test) deb nomlangan baholash tizimlari ancha ommalashgan. Endi o‘zbek tilini yetarlicha egallaganlarga ham shunga o‘xshash sertifikat beriladi. Ushbu hujjat talabi “O‘ZBeGIM” (O‘zbek tilini bosqichlashtirilgan eshitish, gapirish, imlo va mutolasi) nomli dasturga asoslanadi.

Dunyoning nufuzli universitetlarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishga ixtisoslashgan kafedra va fakultetlar bor. Ammo shu paytgacha xorijliklarning o‘zbek tili borasidagi bilimlarini baholaydigan dastur va muayyan tizimga solingan, mukammal darslik yo‘q edi.

Yaqinda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tilining xalqaro baholash tizimi — UzLISA (Uzbek Language International Standard of Assessment) yaratildi.

– Dunyoning ko‘plab davlatlarida muayyan shaxsning xorijiy til borasidagi bilimi CEFR (Common European Framework of Reference), ya’ni «Umumevropa til ko‘nikmasi qolipi» asosida baholanadi, – deydi loyiha muallifi, universitet o‘qituvchisi Habibulla Boqiyev. – Biz ham imtihon talablarini ushbu andoza asosida tayyorladik. Uch bosqichga ega darajalar esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini «Uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha davlat ta’lim standartini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan shartlarga moslashtirilgan.

Sertifikat egasi, birinchi navbatda, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish huquqiga ega bo‘ladi. Tadqiqotlar olib borib, ilmiy darajalarni egallash borasidagi imkoniyatlari ham keskin ortadi. Shuningdek, yurtimizdagi muassasalarda faoliyat olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Imtihonlarni o‘tkazuvchi va tegishli sertifikatni topshiruvchi markaz esa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hisoblanadi. 

Mavzuga oid