Jamiyat | 21:30 / 20.03.2018
55093
7 daqiqa o‘qiladi

«Nursiz kelajak»ka eltayotgan ta'lim tizimi. Kim aybdor?

Ayrim paytda talabalik qursin, endi o‘qimayman, deb araz qilishni boshlayman. Mening irodasizligim o‘qishni eplay olmasligimda emas, balki «nursiz kelajakka» yetaklab borayotgan ta'lim tizimi neki umidim bo‘lsa, birma-bir bo‘g‘ib o‘ldirishida. Gapning po‘stkallasidan boshlay: bu tizim yaralishida, avvalo talaba aybdor. Keyinchalik, tayoqchani o‘qituvchilar ilib ketdi. Ana shundan beri marafon davom etadi. Keling, shu bugun ayrim masalalarga ko‘zni ochib, qarashni o‘rganamiz.

Ishsizlik

Har qanday rivojlangan davlatda ham ishsizlik - eng og‘riqli ijtimoiy masala hisoblanadi. Bundan keyin ham ushbu muammoga qarshi kurash abadiy davom etsa, ne ajab. Biroq, bir xususiyat borki, muammoni o‘z nomi bilan atab, uni tan olishimiz kerak.

O‘zbekistonda ishsizlikni keltirib chiqaruvchi birinchi omil - kadrlar siyosatida tayyorlanayotgan soxta raqamlar, deb bilaman. O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, OTM qabul kvotalarni aniqlashtirish maqsadida mahalliy hokimlik, idora va tashkilotlarga so‘rov xati yuboradi. Shuningdek, Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda, kvotalar belgilanadi. Soxtalik shundan iboratki, so‘rov xatida 2022 yil uchun falon yo‘nalishda qancha kadrga ehtiyoj paydo bo‘lishi mumkin, deyiladi. Qarabsizki, aniq bir mas'uliyatni yuklamagan so‘rov xatiga turli raqamlar bilan javob berish ham qiyin emas. OTM esa mana shu raqamlarga asoslanib, qanchadir abituriyentlarni ma'lum bir yo‘nalishga hujjat topshirishi uchun kvotani e'lon qiladi. Vaholanki, 4 yildan so‘ng, bitiruvchilarni tayyor o‘rindiq yo yorug‘ ofis kutib turmaydi. 

 

Aslida bu amaliyot bozor iqtisodiyoti qoidalari bilan tartibga solinsa, O‘zbekistonni rivojlantirish uchun yetarli va kerakli kadrlar tayyolash mexanizmi o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. 

Ma'ruza va seminar

Qadim davrlardan buyon o‘qituvchi o‘z bilimini shogirdlariga o‘rgatib kelgan. Kelasi safar shogirdlar o‘qituvchining sinovidan o‘tib, bilimlarni qanchalik o‘zlashtirganini isbotlab bergan. Bu mexanizm 2000 yil o‘tib, rivojlangan davlatlar tajribasida o‘zgartirildi. Masalan, professor mashg‘ulotlardan avval bir mavzu yuzasidan turli qarashga ega tadqiqotchi, olim yoxud amaliyotchilarning ishlari bilan tanishib chiqishni tavsiya etadi. Masalan, X kitobning 44-89 betlari, Y dokladning 2-33 betlari, Z ma'ruzaning to‘liq videolavhasi bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi. Mashg‘ulot paytida professor mavzuga kirish qilib, asosiy mazmun va mohiyatni ochib berishga harakat qiladi. So‘ngra, tavsiya etilgan adabiyotlar bo‘yicha fikrlar to‘qnashuviga e'tibor qaratadi. Professor avvaldan tayyorlagan keyslar bo‘yicha turli qarashlarni o‘rtaga tashlaydi. Talabalar muhokamada faol qatnashadi. 

«Suqrot uslubi» deb nomlangan oddiy qoida bilan Harvard ham katta muvafaqqiyatlarga erishdi, nahot buni o‘zlashtirish qiyin?! Tez orada insoniyat ish joyida avtomatika va robotlar raqobat qilishini tasavvur qila olsangiz, bizning ta'lim tizimimiz kadrlarni raqobat uchun emas, qog‘ozdagi yozuvlar uchun olib borilayotganiga ishonchingiz komil bo‘ladi.

Bir taklif berishdan qo‘rqaman

Umuman ta'lim tizimini isloh qilish uchun ko‘plab g‘oya va takliflar paydo bo‘ladiyu, yurak yutib, aytishga qo‘rqaman. Gap shundaki, har qanday «oltin fikr» mahalliy ta'lim tizimimizda samarasiz, qoloq va buyruqbozlik kampaniyasiga aylanib qoladi. Chet elda tahsil olayotgan talabalar oliygohlarning o‘ziga tegishli xabarlar almashinuvi platformasi mavjudligini bildirsa, tezkorlik bilan bu marraga erishish uchun mutasaddilar taklifning asl mazmuniga e'tibor ham qaratmaydida, ana shu platformani yaratib qo‘yadi. 

Atrofga qarang, xorijiy oliygohlarda baholash tizimi boshqacha ekan, deyilsa, bas! Shu zahoti amaldagi baholash reyting tizimiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Slaydlarni taqdim etuvchi proyektor keng tarqaldi, ammo undan maqsadli foydalanishni hali ham o‘rganmadik. Vaholanki, yangi g‘oya yoki taklifni amaliyotga joriy etish boshqa, uni bajara oladigan pedagoglar jamoasini qayta tarbiyalash boshqa masala ekanini uqtirib bo‘lmayapti!

Shu fan kerakmi?

Ayrim oliygohlarda sobiq Sovet davridan beri talabalarga o‘rgatilayotgan bilimlar, fanlar mavjud. Ularni isloh etish, yangilash ko‘pchilikni qiziqtirmaydi. Masalaning og‘riqli jihati bu emas, balki nomutaxassislik fanlari bo‘yicha «qattol» domlaning darslariga tuni bilan tayyorlanishdir. Masalan, xorijiy filologiya va tarjimonlikni o‘rganmoqchi bo‘lgan talabaning vaqti matematika, valeologiya, ma'naviyatshunoslik kabi fanlarni o‘rganishga zoye ketmoqda. Har qanday fanni o‘quv jadvaliga qo‘shishda asos qilib biror vajni keltirish mumkin, ammo mantiq tarozisida tortilmagan vajlar hozirgacha hech kimga foyda keltirmadi.

Xorijiy oliygohlarning eng kuchli tomoni shundaki, unda ta'lim berayotgan professorlar mualliflik kurslarini tashkil etib, talabalarga bilim beradi. Bizning holatda esa sal g‘aliz vaziyat paydo bo‘lgan: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi avvaldan kim, qaysi darslikdan foydalanishi shartligini belgilab bergan. U holda OTMdagi Ilmiy Kengashdan qanday naf bor? O‘ylaymanki, har bir oliygoh mustaqil qaror chiqarish, o‘qitish tizimiga ega bo‘lishi lozim. Kezi kelganda, hukumatga ham tavsiyalar ishlab beruvchi Stenford universiteti hech qachon tashqi ta'sir ostida o‘qitish tizimini o‘zgartirmaganku!

Nega so‘z boshida aybning kattasini talabaning zimmasiga yukladim? Sababi - talaba universitetda jazo muddatini o‘tab yurgan mahkum singari mum tishlaydi, undan bir sas eshitmaysiz. O‘zini qiynagan masalalarni rahbariyatga bildirmaydi. Mabodo bildirsa, mavjud holatga rozi tengdoshlari uni guruhning «aqlli» kishisiga chiqaradi. Yo g‘alvasiz boshini qotiruvchi dekanat shay bo‘ladi.​​

Xulosa qilib aytganda, ta'lim tizimida qalashib ketgan muammolarni aytish uchun «gap ko‘p, o‘tin kam». Bu vaziyatda xalqimiz hozircha bir narsadan yutqazmoqda: bilimli va mustaqil fikrlash qobiliyatiga ega yoshlar xorijga chiqib ketishi ortmoqda. Balki, siz Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini bitirmay tark etgan «oltinboshlar» haqida eshitmagandirsiz?! Keyingi maqolada bu haqda mushohada etamiz.​

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid