O‘zbekiston | 01:55 / 25.03.2018
51869
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkent konferensiyasi oldidan: Afg‘on muammosi tarixiga bir nazar

Afg‘oniston Islom respublikasida so‘nggi 40 yildagi vaziyat tahlili, mamlakatdagi qurolli ziddiyat 3 bosqichda rivojlangan, degan xulosaga kelish imkonini beradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar Instituti direktori Vladimir Norov Xalqaro Simpoziumlar saroyida tashkil etilgan anjumanda qilgan taqdimotida ma'lum qildi. 

“Birinchi bosqich 1979 yil dekabrda sovet qo‘shinlarining cheklangan harbiy kontingentini Afg‘onistonga kiritish bilan boshlandi. Buning oqibatida mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy 1989 yilgacha keskin o‘zgardi. 1979-1989 yillardagi urush mobaynida ikki tomonda ham jiddiy yo‘qotishlar bo‘ldi. Tinch aholi vakillari ham qurbon bo‘ldi. 5 mln afg‘onistonlik qochoqlarga aylandi. 1992 yilda mamlakatdagi hokimiyat Burhoniddin Rabboniy rahbarligidagi muxolifatga o‘tdi”, - dedi V.Norov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda keskinlik kuchayishining ikkinchi bosqichi Afg‘oniston harbiy-siyosiy xaritasida “Tolibon” harakati paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. 1995 yili toliblar AIR hududining qariyb yarmini nazorat qildi. Ular mamlakat janubini to‘liq boshqardi. 1996 yilda ular Kobulni ham egallab olishdi hamda Afg‘onistonni Islom amirligi deb e'lon qilishdi. 

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar Instituti direktorining aytishicha, “AIRning avvalgi hukumati va ularning tarafdorlaridan tashkil topgan “Shimoliy Alyans”ning sa'y-harakatlari bilan “Tolibon” harakatining shimolga yurishi to‘xtatildi. 1997 yil boshiga kelib, mamlakatda o‘ziga xos holat vujudga keldi: tomonlarning hech biri respublikaning barcha hududini o‘z nazoratiga olishning uddasidan chiqa olmadi. Shu boisdan ham ular o‘rtasidagi kurash davom etdi”.

Shu bilan birga, ta'kidlanishicha, 1990 yillarda Afg‘onistondagi beqarorlik Markaziy Osiyo mintaqasida yangi tahdidlar va chaqiriqlar, xususan terrorizm, diniy ekstremizm, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarog‘lar savdosi kabi illatlar paydo bo‘lishiga olib keldi.

O‘zbekiston azaliy qo‘shnisi bo‘lgan AIRda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash borasida qator tashabbuslar bilan chiqdi. Jumladan, BMT shafeligida “6+2” shaklidagi Afg‘onistonning “Qo‘shnilari va do‘stlari” muvofiqlashtiruvchi guruhni tashkil etishni ilgari surdi. Unda Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh 6 mamlakat – O‘zbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston, shuningdek AQSh va Rossiya jalb etildi. 

Vladimir Norov

1999 yil 19-20 iyulda Afg‘oniston bo‘yicha BMT shafeligidagi “6+2” guruhining oliy darajadagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Anjuman yakunida Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha asosiy prinsiplarni belgilab beruvchi Toshkent deklaratsiyasi imzolandi. Ushbu hujjat hamon BMT tomonidan ma'qullangan hamda Afg‘onistondagi barcha ichki siyosiy kuchlar tomonidan qabul qilingan yagona rasmiy hujjat bo‘lib qolmoqda. 

Vladimir Norov Afg‘onistondagi ziddiyatning uchinchi bosqichiga to‘xtalar ekan, uni 2001 yilgi Nyu York va Vashingtondagi teraktlar bilan bevosita bog‘liqligini ta'kidladi. 

“Shunda so‘ng, AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya AIRda BMT rezolyutsiyasiga muvofiq harbiy amaliyotlarni boshladi. So‘nggi 17 yil mobaynida davom etayotgan qurolli qarama-qarshilik mamlakatda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish borasida sezilarli natijalarga olib kelmadi”, - deya qyd etdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar Instituti direktori. 

Vladimir Norovning tahliliga ko‘ra, so‘nggi 10 yillikda Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish borasida turli ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbuslar ilgari surilgan. 

«Osiy yuragi – Istanbul jarayoni» - xalqaro maydon bo‘lib, 2011 yil noyabrda AIR, uning qo‘shnilari va mintaqaviy hamkorlar o‘rtasida zamonaviy tahdidlar va chaqiriqlar, jumladan qashshoqlikka qarshi kurash maqsadida tashkil etilgan. 

Istanbul jarayonida 15 davlat, xususan, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Eron, Hindiston, Pokiston, Saudiya Arabistoni, BAA va BMT kiradi. Shu bilan birga, 16 davlat, 12 xalqaro va hududiy tashkilot tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

2016 yilda birinchi marotaba Afg‘oniston bo‘yicha Moskva tinchlik tashabbusi doirasida uch tomonlama shaklda Rossiya, Xitoy va Pokiston vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. 2017 yil aprelida kengroq tarkibda AIR, Eron, Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokida ikkinchi davra muzokaralari bo‘lib o‘tdi. 

2017 yil 6 iyunda Kobulda ilk marotaba shu nomdagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda 27 davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi. 2018 yil 28 fevralida Kobul jarayonining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu safar dunyoning 25 davlati vakillari, shu jumladan O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi.

Mazkur anjumanda Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining bayonot berishicha, “barchasi ko‘ngildagidek o‘tsa”, toliblarga Kobulda qarorgohlarini ochishga ruxsat beriladi, fuqarolik pasportlari taqdim etiladi va mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish imkoni taqdim etiladi. Bundan tashqari, afg‘on qamoqxonalaridagi toliblarni ozod qilishda ko‘mak beriladi. Toliblar OAVdan foydalanishlari hamda oila a'zolari bilan mamlakatning istalgan hududida istiqomat qilishari mumkin bo‘ladi.

Vladimir Norov taqdimotida O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning chiqishlariga ham e'tibor qaratdi. Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida “Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishning yagona yo‘li – bu hech qanday dastlabki shartlarsiz markaziy hukumat va asosiy ichki siyosiy kuchlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazishdir. Muzokaralar afg‘onistonliklarning yetakchiligida Afg‘oniston hududida BMT shafeligida o‘tkazilishi kerak. Birinchi galdagi vazifa – Afg‘oniston Islom respublikasining mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini ta'minlashdir”, deya ta'kidlagan edi. 

Mavzuga oid