Sport | 14:09 / 31.03.2018
12956
15 daqiqa o‘qiladi

A seriya «klasiko»si, London derbisi. Yevropaga yana klublar futboli qaytdi

Terma jamoalar uchun belgilangan FIFA kunlari tufayli ikki haftalik tanaffusga chiqqan Yevropa chempionatlarida juda ko‘p muhim va qiziqarli o‘yinlar yig‘ilib qolgan ekan. Kelasi haftada Chempionlar Ligasi o‘yinlari borligi uchun, aksariyat yetakchi klublar o‘z o‘yinlarini bugun o‘tkazishadi. Tribuna.Uz dam olish kunlarida bo‘lib o‘tadigan eng qiziqarli o‘yinlar haqida ma'lumotlarni taqdim etadi.

KRISTAL PELAS - LIVeRPUL (31 mart, 16:30)

Foto: Getty Images

Avvallari top klublardan ochko olib, asosan qo‘yi jamoalarga ochko ulashadigan «Liverpul»ning xarakteri o‘zgargandek. Jamoa «Arsenal» va «Tottenhem» bilan durang o‘ynab, «MYu»ga yutqazdi, ammo shu o‘yinlar orasida qatorasiga 11 o‘yindan beri top-6 dan tashqari klublarni osonlik bilan mag‘lubiyatga uchratib kelmoqda. «Liverpul»ning so‘nggi qoqilishi dekabr oyi boshlarida «Vest Bromvich» bilan (0:0) bo‘lgandi.  Aslida bu yaxshi tendensiya, jamoa yutishi kerak bo‘lgan o‘yinlarni o‘z foydasiga hal qilishni o‘rgana boshladi, bu esa, alohida o‘yinlardagi jozibadan ko‘ra ishonchliroq va sovrinli o‘rinlar uchun kurashishda zarurroq bo‘lgan xususiyatdir.

«Kristal Pelas» esa Yurgen Klopp uchun o‘ziga xos raqib. Chunki aynan «burgutlar» Angliyada Yurgen Kloppni mag‘lubiyatga uchratgan ilk klub bo‘lgandi. U ham bo‘lsa, «Enfild»da o‘tgan uchrashuvda sodir bo‘lgandi. O‘sha o‘yindan buyon «Liverpul» bu raqibini faqat yutib kelayotgan bo‘lsa-da, bugungi o‘yinning turnir nuqtai-nazaridan ham bahosi katta. «Kristal Pelas» xavfli zonadan uzoqlasha olgani yo‘q, «Liverpul» esa, o‘zi uchun xavfli zona bo‘lgan beshinchi o‘rindan uzoqlashish niyatida. Ayniqsa, asosiy raqiblar «Chelsi» va «Tottenhem» o‘zaro o‘ynaydigan mana shu turda ochko yo‘qotish liverpulliklar uchun juda alamli bo‘lsa kerak.

«Kristal Pelas» ayniqsa, o‘z maydonida har qanday raqibga qarshi kuchli o‘ynay oladi. Ular «Chelsi»ni yengishdi, «Manchester Siti» bilan durang o‘ynashdi, «Yunayted» faqat so‘nggi daqiqalarda qutulib qoldi. Demak, bu safar ham munosib jangni kutishga haqlimiz.

Buning ustiga, «Liverpul» uch kun o‘tib Chempionlar Ligasida muhim o‘yinga maydonga tushadi. O‘sha o‘yinning xayoli ham bugungi raqibga diqqatni jamlashga halaqit berishi mumkin. Mezbonlarning muammosi kattaroq – hali-hamon tarkibdagi to‘qqiz nafar o‘yinchi jarohatini davolash bilan band. Ulardan faqat Joyel Uord bugungi o‘yinga qaytishi mumkin xolos.
   
EVeRTON - MANCheSTeR SITI (31 mart, 21:30)

Foto: Stu Forster/Getty Images

«Manchester Siti» ertakni juda ajoyib notada tugatish uchun «Everton» ustidan g‘alaba qozonishlari kerak bo‘ladi. Ana shundagina, kelasi turda «Etihad»da Pep Gvardiola shogirdlari ashaddiy raqiblari «MYu» ustidan qozonilgan g‘alaba bilan chempionlikni rasman nishonlashlari mumkin. Zo‘r-a?

Bugungi raqib aynan «Everton» ekani ham qandaydir ramziy. Birinchidan, to‘rt yil oldin, aynan «Everton» kutilmaganda «MYu»ni «Old Trafford»da to‘xtatib qolgan va «Manchester Siti»ga uzoq yillik tanaffusdan so‘ng, chempion bo‘lish imkoniyatiga qayta ochgandi. Ikkinchidan, aynan «Everton» bugungacha Gvardiola uchun noqulay raqib bo‘lib qolmoqda va bu davrda «Siti» ularni mag‘lub eta olgani yo‘q. Manchesterda o‘tgan har ikki o‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan tugagandi. Liverpulda esa, «Everton» butunlay raqibining ustidan «kulib tashlagan» va 4:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

Boshqa tarafdan, «shaharliklar» hali juda ko‘p «matchbol»larga egalar va vaziyatga pragmatik yondoshish va asosan, yuqorida tilga olingan Chempionlar Ligasi chorak finaliga tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin. Buning ustiga, jamoaning yetakchi hujumchisi Serxio Agueroning bu o‘yinda jamoaga yordam bera olmasligi ma'lum bo‘ldi. Mezbonlarda esa, yetakchi himoyachi Eshli Uilyams diskvalifikatsiya tufayli, sheriklariga yordam bera olmaydi.

BAVARIYa - BORUSSIYa (31 mart, 21:30)

Foto: REUTERS/Kai Pfaffenbach

Yana bir juda ko‘p «matchbol»ga ega jamoa Germaniyada. «Bavariya». Bugun Haynkes jamoasi eng yaqin ta'qibchilaridan birini o‘z maydonida qabul qiladi. Agar bu o‘yindan biroz oldin maydonga tushadigan «Shalke» o‘z o‘yinida g‘alaba qozona olmasa, «Bavariya» dortmundliklar ustidan g‘alaba qozonib, rasman chempionga aylanishlari mumkin. Mavsum tugashiga 7 tur qolganda, «Bavariya» «Shalke»dan 17, «Borussiya»dan 18 ochko oldinda bormoqda.
 
Dortmund jamoasiga ham g‘alaba zarur. Chunki kelasi mavsumda Chempionlar Ligasida qatnashish yo‘llanmasini beradigan qolgan uch o‘rin uchun 5 jamoa jamoa kurashmoqda va «Borussiya» 6-o‘rindan atigi 5 ochko oldinda boryapti, xolos.

Jarohatlar borasida, har doimgidek, «Borussiya»ning omadi kelmagan. Roys qisqa muddatiga yana safdan chiqqandi va uning va Umar Tuproqning bugun tiklangan bo‘lishi so‘roq ostida, Yarmolenko va Kagava aprel o‘rtalarida safga qaytadi, Rode mavsum oxirigacha maydonga tusha olmaydi.

Jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida myunxenliklar safarda 3:1 hisobida ustun kelgan.

VeST HEM - SAUTHEMPTON (31 mart, 19:00)

Foto: ADRIAN DENNIS/Getty Images

Neytral muxlislar uchun ajoyib kurashni va'da qilishimiz mumkin. Angliyada 13-o‘rindagi jamoani xavfli zona bilan faqat 4 ochko ajratib turibdi. Ya'ni har turda qo‘yi qismdagi jamoalar bir g‘alaba bilan 5-6 o‘rin yuqoriga ko‘tarilish yoki bir mag‘lubiyat bilan shuncha pog‘ona pastga shung‘ish holatlarini kuzatyapmiz. Bu ikki raqib aynan o‘sha guruhdan.

«Vest Hem» 30 ochko bilan 17-o‘rinda bormoqda. Moyyes qaysidir pallada ahvolni o‘nglagandek tuyulgandi, ammo londonliklar so‘nggi 7 o‘yindan atigi bir marotaba g‘alaba qozonishdi. Bunday seriya natijasida yana xavfli zona ko‘rinib qoldi.

«Sauthempton»ning o‘yinini ko‘rib esa, ularning 28 ochko bilan 18-o‘rinda borayotganliklariga ishonish qiyin. Jamoa tarkibida ancha saviyali futbolchilar yig‘ilgan va o‘yin sifatida ham bir qaraganda juda yuqori. Ammo natijalardagi beqarorlik pand beryapti. Paradokslar talaygina – jamoa so‘nggi uch g‘alabasini safarda qo‘lga kiritdi, o‘z maydonida esa «Sauthempton»ning APL dagi oxirgi g‘alabasi o‘tgan yilning noyabrida ro‘y bergandi. Jamoa murabbiyini iste'foga chiqardi, muammolar girdobida, lekin Angliya kubogi yarim finalida ishtirok etadi.

Xullas bu o‘yin g‘olibi hech narsani kafolatlamasa-da, mag‘lub bo‘linganda yo‘qotiladigan narsalar juda katta. Ko‘ramiz.

PSJ - MONAKO (31 martdan 1 aprelga o‘tar kechasi, 00:05)

Foto: Getty Images

Xuddi Angliya singari, Fransiyada ham ikkita alohida kubok va ulardan biri Fransiya Liga kubogi hisoblanadi. Chempionlar Ligasidagi kurashni ancha erta tugatib qo‘ygan parijliklarda, baribir, trebl qilish imkoniyatiga egalar. Buning uchun Emeri shogirdlari Liga 1 da tashqari, mana shu ikki kubokda g‘olib chiqsalar kifoya.

Fransiyadagi «PSJ» va «Monako» qarshiligi qaysidir ma'noda, Germaniyadagi «Bavariya» va «Borussiya»ni  eslatib yuboradi. Moliyaviy baquvvat va salobatli top-klub va ligada ularga eng yaqin va alohida o‘yinlarda qarshilik qila olish imkoniga ega bo‘lgan, o‘yin uslubi ko‘pchilika yoqadigan ikkinchi jamoa. Qizig‘i, roppa-rosa bir yil oldin 2 aprel kuni bu jamoalar xudi shu turnir finalida duch kelishgandi va o‘shanda Parij jamoasi 4:1 hisobida g‘alaba qozongandi.


Umuman, «PSJ» Liga kubogini qatorasiga to‘rt yildan buyon yutib kelmoqda va bu beshinchi finaldir. Nufuzli bo‘lgan Fransiya kubogi ham uch yildan buyon «PSJ» sovrinlar xonasidan joy olmoqda.

SeVILYa - BARSeLONA (31 mart, 23:45)

Foto: Arroyo Moreno/Getty Images

Turnir e'tibori bilan bu o‘yin u qadar qiziq bo‘lmas balki, sababi «Sevilya»ning La Ligada  biror umidi yo‘q, «Barselona» ham yaxshigina masofaga oldinlab ketgan va borini aynan shu haftaga tashlamasligi turgan gap. Ammo bu hafta Yevropada ikki YeChL chorak finalchisi to‘qnash keladigan yagona o‘yinni e'tibordan chetda qoldirish adolatdan bo‘lmasdi.

Hech bo‘lmasa, jamoalarning YeChL chorak finaliga tayyorgarligi va o‘ylayotgan rejalari haqida biror fikr xosil qilish uchun ham bu o‘yinni ko‘rsa bo‘ladi. Ayniqsa, seshanba kuni shu stadionga mehmon bo‘ladigan «Bavariya» ham qaysidir ma'noda uslub va albatta, saviya jihatidan «Barselona»ga yaqinligi mezbonlar uchun ayni muddao. Andalusiyaliklar bu o‘yin orqali «Bavariya»ga tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin.

Terma jamoa yig‘inlarida kichik jarohat olgan va bir o‘yini o‘tkazib yuborgan Leo Messi ushbu o‘yinda maydonga tushmasligi haqida xabarlar chiqdi. Ammo bugungi ma'lumotlarga ko‘ra, u o‘yin qaydnomasiga kiritilgan.
 
YuVeNTUS - MILAN (31 mart, 23:45)

Foto: ANSA

Deyarli butun mavsum «Napoli»ni ta'qib qilgan «Yuventus» nihoyat quvib o‘tib, 4 ochkolik ustunlikka erishgach, ana endi turinliklarning tajribasi intrigani qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi, deganlar ko‘p edi. Ammo kutilmaganda, qatorasiga 15 g‘alabadan so‘ng, SPAL bilan o‘yinda «Yuventus» ochko yo‘qotdi va «Napoli» bilan o‘rtadagi farq maksimal darajada kamaydi.

Buning ustiga, bugungi raqib anoyi emas – «Milan» Italiyada 15 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda va bu o‘yinlarning 11 tasida g‘alaba qozondi. Natijada «Milan» hatto YeChL yo‘llanmasini beradigan o‘rinlarga yaqinlashdi va 4-o‘rindagi «Inter»dan atigi 5 ochko orqada, xolos. Demak «Milan» ham faqat g‘alaba uchun o‘ynaydi. Jyennaro Gattuzoning xarakteri, uslubi va xarizmasi aynan mana shunday o‘yinlarda «Milan»ni eng kuchli o‘yinni ko‘rsatishga majbur qila olsa kerak. Uch kundan keyin Turinda «Real»ning mehmon bo‘lishi esa, mezbonlar uchun bugungi o‘yinda yana bir boshog‘riq. Albatta, hamma kuchni sarflab yuborib bo‘lmaydi.

Bu o‘yinda «Yuventus»ga Aleks Sandro va Federiko Bernarderskilar jarohat tufayli yordam bera olishmaydi. Milanliklar tarkibida esa, Ignaso Abate yo‘q.

Jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro o‘yinlari statistikasiga qarasak, «Yuventus» so‘nggi yillarda sezilarli ustunlikka ega bo‘lmoqda. So‘nggi 11 o‘yinning atigi bittasida «Milan» g‘olib chiqa olgan, xolos. 

CheLSI - TOTTeNHEM (1 aprel, 20:00)

Foto: Shaun Botterill/Getty Images

Mana bu haqiqiy futbol. Gap faqat derbi ekanida emas, turnir e'tibori bilan ham. Chunki jamoalar turli pozitsiyadan turib, turli masalalarni yechadigan, raqiblarni turli oqibatlar qoniqtiradigan va Chempionlar Ligasi o‘z ta'sirini o‘tkazadigan o‘yin emas bu. Ha, YeChL ta'siri bor, lekin keyingi yildagi YeChL u. Bu o‘yinda har ikki tomon bir o‘lja uchun kurashadilar va faqat g‘alaba ularni to‘liq qoniqtiradi. 

«Tottenhem» 61 ochko bilan to‘rtinchi, «Chelsi» esa, 56 ochko bilan beshinchi o‘rinda bormoqda. Demak, ayniqsa, mezbonlar kuchli to‘rtlikka kirishlari uchun g‘alaba qozonishlari shart. Yevrokuboklardan chiqib ketishga majbur bo‘lgan bu jamoalar mavsumni faqat shu yupanch bilan munosib tugata olishlari mumkin, xolos.

Statistikaga qaralsa, «Chelsi»ning kutilmagan ustunligini ko‘ramiz – so‘nggi 18 o‘yinning faqat 2tasida «Tottenhem» g‘alaba qozongan. Avgust oyida «Uembli»da bo‘lgan o‘yinda «Chelsi» 2:1 hisobida g‘alabaga erishgandi. O‘tgan yili aynan o‘sha stadionda tomonlar Angliya kubogi yarim finalida duch kelishgan va bu o‘yinda ham Konte jamoasi g‘alaba (4:2) qozongandi. Darvoqe, Angliya kubogida bu jamoalar kurashni davom ettirishmoqda va balki final o‘yinida to‘qnash kelishlari mumkin.   
Jarohatlar borasida mezbonlarda David Luiz, mehmonlarda Harri Keyn bu o‘yinda maydonga tusha olmaydi.

BOShQA O‘YINLAR
31 mart: MANCheSTeR YuNAYTeD - Suonsi (19:00), Sassuolo - NAPOLI (21:00), Las Palmas - ReAL (21:30)
1 aprel: ARSeNAL - Stok Siti (17:30).

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid