Jahon | 19:46 / 03.04.2018
20091
2 daqiqa o‘qiladi

Putin «Akkuyu» bo‘yicha bayonot berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Anqaradagi chiqishi vaqtida «Akkuyu» AES (Turkiyadagi birinchi atom elektr stansiyasi – tahr.)loyihasi ahamiyati haqida gapirdi.

«Bu keng ko‘lamli, innovatsion loyihaning ahamiyati ulkan. Biz bugun Turkiya uchun atom sanoati tashkil etamiz. Biz yangi sohani yo‘lga qo‘ymoqdamiz», degan u.

Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Turkiya iqtisodiy va texnik tomondan yuqori darajada rivojlangan mamlakat hisoblanadi.

«Bu Turkiya Respublikasi iqtisodiyoti rivojida yangi bosqich, yangi qadamdir. Rossiya esa atom sohasidagi yetakchi davlat. Stantsiya qurilishida ilg‘or muhandislik yechimlar, iqtisodiy jihatdan samarali va istiqbolli texnologiyalar, biz o‘zimiz Rossiyada qo‘llab kelayotgan texnologiyalar qo‘llanadi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Putin shuningdek, qurilish jarayonida yuqori darajadagi xavfsizlik standartlariga va eng qat'iy ekologik talablarga rioya qilinishini qo‘shimcha qildi.

«Akkuyu»ning birinchi reaktori 2023 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu AES 4ta energoblokdan iborat bo‘lib, ularning har birining quvvati 1200 MVtni tashkil qiladi. Bu loyiha uchun Rossiya 22 milliard dollar miqdorda investitsiya kiritmoqda

Mavzuga oid