O‘zbekiston | 09:52 / 05.04.2018
19030
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

 
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 aprel kuni aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasidagi ishlarni tahlil qilish va eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarining 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. 2018 yil 1 yanvardan “yagona darcha” markazlari Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugungi kunda mamlakat bo‘yicha 201 ta ana shunday markazlar tashkil etilgan. Ular tomonidan bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha ariza berish, fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, loyiha hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat berish, yakka tartibda uy-joy qurishga ruxsat berish, suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste'mol qilish uchun ruxsat berish kabi xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. 

Bunday xizmat turlari bosqichma-bosqich ko‘paytirib boriladi. Bu barcha vazirlik va idoralarda butun faoliyatni avtomatlashtirish, ular o‘rtasida elektron axborot almashuvini to‘liq yo‘lga qo‘yishni talab etadi. 

Yig‘ilishda bu boradagi muammolar tanqidiy tahlil qilinib, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga davlat xizmatlari bo‘yicha elektron axborot tizimi va elektron ma'lumotlar bazasini yaratish, barcha davlat xizmatlari markazlarini optik tolali internetga ulash bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Davlat xizmatlari ko‘rsatish qamrovi va sifati aholining axborot texnologiyalaridan foydalanish malakasiga ham bog‘liq. Shu bois jismoniy va yuridik shaxslarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, hujjatlarni elektron tarzda taqdim etish va olishga o‘rgatish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.   

Tadbirkorlarga qulayliklarni yanada oshirish, litsenziyalar va ruxsat berish tartib-qoidalarini keskin qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xususan, barcha ruxsatnoma va litsenziyalarni elektron tizim orqali taqdim etish imkonini beradigan “Lisenziya” axborot kompleksini to‘liq ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda sohaga mas'ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Mavzuga oid